Byurokratiyani bartaraf etish – 2030: fuqarolar uchun qulay va zamonaviy davlat xizmatlari sari
2026-07-01 13:00:00 / Vazirlik yangiliklari
O‘zbekiston Respublikasida davlat boshqaruvi tizimini takomillashtirish, ortiqcha byurokratik tartib-taomillarni qisqartirish hamda davlat xizmatlarini fuqarolar uchun yanada qulay va shaffof tashkil etish bo‘yicha izchil islohotlar amalga oshirilmoqda.
Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi ham mazkur yo‘nalishda raqamli texnologiyalarni keng joriy etish, xizmatlar ko‘rsatish jarayonlarini soddalashtirish hamda fuqarolar va tadbirkorlar uchun ortiqcha vaqt va xarajat talab qiluvchi tartiblarni qisqartirish bo‘yicha tizimli ishlarni olib bormoqda.
Xususan, vazirlik tomonidan:
davlat xizmatlarini elektron shaklda ko‘rsatish ko‘lami bosqichma-bosqich kengaytirilmoqda;
my.gov.uz, YAIDXP hamda vazirlikning axborot tizimlari orqali bir qator xizmatlarni masofadan turib olish imkoniyatlari kengaytirilmoqda;
mehnat munosabatlarini rasmiylashtirish, ishga joylashish va bandlik xizmatlaridan foydalanishda raqamli yechimlar keng qo‘llanilmoqda;
fuqarolardan davlat organlarida mavjud ma'lumotlarni takroran talab qilish amaliyotini qisqartirish bo‘yicha idoralararo elektron axborot almashinuvi mexanizmlari takomillashtirilmoqda;
jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini ko‘rib chiqish jarayonlari soddalashtirilib, ularning ijrosi ustidan doimiy monitoring olib borilmoqda.
Shuningdek, vazirlik faoliyatining ochiqligi va shaffofligini ta'minlash maqsadida qabul qilinayotgan normativ-huquqiy hujjatlar, ko‘rsatilayotgan davlat xizmatlari, amalga oshirilayotgan islohotlar hamda ularning natijalari vazirlikning rasmiy veb-sayti va ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida muntazam yoritib borilmoqda.
Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi kelgusida ham "Byurokratiyani bartaraf etish – 2030" tashabbusi doirasida davlat boshqaruvini soddalashtirish, fuqarolar va tadbirkorlarga ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini oshirish hamda zamonaviy, ochiq va samarali boshqaruv tizimini shakllantirish bo‘yicha ishlarni izchil davom ettiradi.
