Oʻzbekiston MDHda mehnat sohasidagi hamkorlik natijalarini taqdim etdi
2026-06-30 18:00:00 / Vazirlik yangiliklari

Minsk shahrida Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligiga aʼzo davlatlarning Doimiy vakolatli vakillari kengashining navbatdagi yigʻilishi boʻlib oʻtmoqda.
Unda Oʻzbekiston delegatsiyasi rahbari, Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirining birinchi oʻrinbosari Marat Jurayev MDHga aʼzo davlatlarning mehnat, bandlik va aholini ijtimoiy muhofaza qilish masalalari boʻyicha Maslahat kengashining 2023–2025-yillardagi faoliyati yakunlari yuzasidan maʼruza qildi.
Hisobot davrida 3 ta yigʻilish oʻtkazilib, 53 ta masala koʻrib chiqildi va 9 ta ishchi guruh tashkil etildi.
Asosiy natijalar qatorida MDHning umumiy mehnat bozorini shakllantirish konsepsiyasining tasdiqlanishi, mehnatni me’yorlashtirish hamda nogironligi bo‘lgan shaxslarni reabilitatsiya qilish sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar alohida qayd etildi.
Tadbir doirasida O‘zbekiston delegatsiyasi rahbari Marat Jurayev MDH Ijroiya qo‘mitasi Bosh kotibi Sergey Lebedev bilan uchrashdi. Tomonlar MDH davlatlari o‘rtasida mehnat, bandlik va aholini ijtimoiy muhofaza qilish sohalaridagi hamkorlikni yanada kengaytirish, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish hamda tajriba almashish istiqbollarini muhokama qildi.
Ma'lumot uchun:
2025-yil oktyabridan buyon Maslahat kengashiga Oʻzbekiston raislik qilib kelmoqda. Shu davrda Toshkent shahrida Kengashning 38-yigʻilishi oʻtkazildi, 2026–2030-yillarga moʻljallangan yigʻilishlar jadvali tasdiqlandi hamda Kengashning rasmiy emblemasi taʼsis etildi.
Ayni paytda Doimiy vakolatli vakillar qaror loyihasini koʻrib chiqmoqda hamda Maslahat kengashi faoliyati yakunlariga yuqori baho bermoqda.






