Prezident Shavkat Mirziyoyev xususiy kasbiy taʼlimni rivojlantirish chora-tadbirlari yuzasidan taqdimot bilan tanishdi.
2026-06-23 16:00:00 / Vazirlik yangiliklari

Mamlakatimizda iqtisodiyot tarmoqlari uchun zamonaviy kasb va koʻnikmalarga ega mutaxassislar tayyorlash, aholini mehnat bozori talablariga mos kasblarga oʻqitish bandlikni taʼminlash va daromadlarni oshirishning muhim omili hisoblanadi.
Shu bois, keyingi yillarda kasbiy taʼlim tizimini isloh qilish, oʻquv dasturlarini ish beruvchilar ehtiyojiga moslashtirish, xususiy sektor ishtirokini kengaytirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Taqdimotda kasbiy taʼlim xizmatlarini koʻrsatishda xususiy sektorning imkoniyatlarini kengaytirish boʻyicha yangi choralar muhokama qilindi.
Qayd etilganidek, kelgusi uch yilda xususiy sektor ulushini oshirish orqali xalqaro standartlar asosida ochilgan oʻquv va baholash markazlarining sonini hozirgi 50 tadan 200 taga yetkazish, xususiy kasbiy taʼlim bilan har yili 500 ming nafar aholini qamrab olish maqsad qilingan. Ayni paytda bu koʻrsatkich 45 ming nafarni tashkil etmoqda.
Buning uchun 300 dan ortiq oʻquv dasturlari qayta koʻrib chiqilib, xalqaro talablarga moslashtiriladi. Kamida ming nafar oʻqituvchi va taʼlim ustalarining malakasi oshiriladi. Ushbu dasturlarni moliyalashtirish uchun Bandlik jamgʻarmasidan 500 milliard soʻm yoʻnaltiriladi.



