Xalqaro mehnat konferensiyasida tarixiy hujjat qabul qilindi
2026-06-12 19:00:00 / Vazirlik yangiliklari

Shveysariyada bo‘lib o‘tayotgan Xalqaro mehnat konferensiyasining 114-sessiyasi doirasida platforma iqtisodiyotida munosib mehnatni ta’minlashga qaratilgan yangi xalqaro konvensiya qabul qilindi.
Mazkur hujjat platforma iqtisodiyoti sohasidagi mehnat munosabatlarini tartibga solishga bag‘ishlangan bo‘lib, ushbu yo‘nalishdagi ilk xalqaro konvensiya sifatida tarixiy ahamiyat kasb etadi.
E’tiborlisi, O‘zbekiston Respublikasi Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi Xalqaro mehnat tashkiloti huzuridagi tegishli qo‘mita ishlarida faol ishtirok etib, platforma iqtisodiyoti bo‘yicha yangi konvensiya matnini ishlab chiqish hamda kelishish jarayoniga o‘zining amaliy hissasini qo‘shdi.
Ushbu konvensiyaning qabul qilinishi zamonaviy mehnat bozori, raqamli platformalarda band bo‘lgan fuqarolarning huquqlarini himoya qilish hamda munosib mehnat tamoyillarini ilgari surishda muhim xalqaro qadam bo‘lib xizmat qiladi.




