“Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik sohasida erishilgan natijalar va kelgusidagi rejalar” mavzusidagi matbuot anjumani
2024-08-01 10:20:00 / Vazirlik yangiliklari
2024-yilning 1-avgust kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida “Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik sohasida erishilgan natijalar va kelgusidagi rejalar” mavzusida matbuot anjumani tashkil etildi.
Unda Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vaziri o‘rinbosari Ra’no Turdiboyeva, vazirlik tuzilma rahbarlari hamda vazirlik tarkibidagi tashkilotlar mas’ullari ishtirok etdi.
Qayd etilganidek, mamlakatimizda aholi bandligini ta’minlash bo‘yicha olib borilayotgan ishlar natijasida mehnatga layoqatli aholi o‘rtasida ishsizlik darajasi 2020-yildagi 10,5%dan 2024-yil boshiga kelib 6,8%ga tushdi. Kambag‘allik darajasi 2021-yildagi 17%dan, 2023-yilda 14% va 2024-yil boshiga kelib 11%ga tushdi.
O‘tgan 6 oyda aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish maqsadida 113 ming nafar ishsiz aholi kasb-hunar va tadbirkorlik ko‘nikmalariga o‘qitildi. Ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 1,5 baravar oshdi. Qo‘shimcha tarzda, 12 ta yangi kasblarga o‘qitish yo‘lga qo‘yildi, bugungi kunda 30 dan ortiq kasb turlariga o‘qitilmoqda. Xorijiy tillarga o‘qitish 10 ming nafarga yetkazilib, o‘tgan yilga nisbatan 5 baravarga oshirildi.
Joriy yilning 6 oyida xorijda ishlash istagida bo‘lgan 64 ming nafar shaxs chet davlatlarga qonuniy, xavfsiz hamda uyushgan holda ishga yuborildi. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 3 baravarga ko‘p.
Mamlakatda ishchi xodimlarning mehnat va mehnat muhofazasini ta’minlash maqsadida bugungi kungacha Xalqaro mehnat tashkilotining 22 ta konvensiyasi ratifikatsiya qilingan bo‘lsa, e’tiborlisi shundan 2 tasi joriy yilning o‘tgan 6 oyida ratifikatsiya qilindi. Ayni paytda yana 3 ta konvensiyani ratifikatsiya qilish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.
2024-yilning o‘tgan 6 oyida mehnat va mehnatni muhofaza qilish qonunchiligiga rioya etilishi yuzasidan Davlat mehnat inspektorlari tomonidan 7 ming 720 ta nazorat tadbiri o‘tkazilgan bo‘lib, unda 21 ming 436 ta qonun buzilish holati aniqlangan. Ushbu qonun buzilishlarni bartaraf etish bo‘yicha ish beruvchilarga bajarilishi majburiy bo‘lgan 3 ming 442 ta yozma ko‘rsatma, 90 ta taqdimnoma kiritilgan. Shuningdek, 4 ming 335 nafar mansabdor shaxsga nisbatan ma’muriy jarimalar qo‘llanilgan.
Shu yilning o‘tgan davrida 254 nafar noqonuniy ishdan bo‘shatilgan xodim ishga tiklandi hamda 7 ming 349 nafar fuqaroning 31 mlrd so‘mdan ortiq ish haqlari undirib berilgan.
Raqamlashtirish borasida ham qator ishlar amalga oshirilmoqda. So‘nggi 3 yilda bandlik tizimida mavjud 50 ta davlat xizmatidan 24 tasi yoki 48% raqamli platformaga o‘tkazilgan. Bu xizmatlardan 2023-yilda 1 million 600 ming aholi foydalangan (2022 yilda 1,1 million bo‘lgan).
Raqamlashtirish natijasida 10 dan ortiq turdagi ma’lumot va hujjatlar aholidan talab qilinishi bekor qilingan.
Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi tomonidan navbatdagi yarim yillikda ham ayni yo‘nalishdagi ishlar izchil davom ettiriladi.
Xususan, 68 ta hududdagi xalqaro avtomobil yo‘llarida xizmat ko‘rsatish va savdo ob’yektlari tashkil etish orqali 500 ming ish o‘rni yaratiladi.
5 mingdan ortiq investisiya loyihalarini ishga tushirish hisobiga 197 ming fuqaro doimiy ish o‘rinlariga ega bo‘ladi.
Oilaviy tadbirkorlik dasturlari doirasida 120 mingta loyihaga 2 trln so‘m kredit mablag‘lari yo‘naltiriladi.
Tijorat banklari bilan birgalikda shakllantirilgan 49 mingta mikroloyihani ishga tushirish hisobiga 67 mingta qo‘shimcha ish o‘rinlari tashkil etiladi.
Vazirlik jamg‘armalari hisobidan kasb-hunarga o‘qitilgan 40 ming nafar fuqaroga 254 mlrd so‘m subsidiya va ssudalar ajratiladi.
Umuman xizmatlar sohasida 1 million 200 ming aholini band etish choralari ko‘riladi.
Qishloq xo‘jaligi sohasida 600 ming, qurilish sohasida esa 70 ming aholi bandligini ta’minlash ko‘zda tutilgan.
Joriy yilning II-yarim yilligida 90 ming nafar shaxsni Janubiy Koreya, Germaniya, Buyuk Britaniya, Yaponiya, Ruminiya, Bolgariya, Vengriya, kabi rivojlangan davlatlarda ishga joylashtirish rejalashtirilgan. Bularning barchasi «Xorijga ish – mahalladan» tamoyili asosida yo‘lga qo‘yiladi.
Shuningdek, yil oxirigacha 115 ming ishsiz aholi kasb-hunar, tadbirkorlik ko‘nikmalari va xorijiy tillarga o‘qitiladi.
“Yagona milliy mehnat tizimi” xizmatchilarning asosiy lavozimlari va ishchilar kasblari klassifikatori asosida to‘liq shakllantiriladi. Ish beruvchilarning shaxsiy kabinetlari takomillashtirilib, aniqlangan qonunbuzilishlar va tegishli o‘zgarishlar yuzasidan xabarnoma va talabnomalar berish tizimlari yo‘lga qo‘yiladi.
Vazirlikka bo‘ladigan murojaatlar soni ham keskin kamaygan, xususan, 2024-yilning o‘tgan davri mobaynida 127 979 ta murojaat kelib tushgan bo‘lib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 37,2 foizga kamaygan. (2023-yil 6 oy davomida 203 769 ta).