Oʻzbekistonning kambagʻallikni qisqartirish boʻyicha tajribasi xalqaro maydonda eʼtirof etildi
2026-06-02 14:30:00 / Vazirlik yangiliklari

26–28-may kunlari Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirining birinchi oʻrinbosari Marat Jurayev boshchiligidagi delegatsiya Xitoy Xalq Respublikasida xizmat safarida boʻldi.
Pekin shahrida oʻtkazilgan Xalqaro kambagʻallikni qisqartirish va taraqqiyot forumida 54 ta davlat hamda 9 ta xalqaro tashkilot vakillari ishtirok etdi.
Forum doirasida Oʻzbekiston vakili M. Jurayev Kambagʻallikni qisqartirish va rivojlanish boʻyicha Global sheriklik (GPPAD) Boshqaruv qoʻmitasi raisi oʻrinbosari etib saylandi.
✔️Yigʻilishda Boshqaruv qoʻmitasining nizomi hamda kambagʻallikni qisqartirish sohasidagi xalqaro hamkorlik boʻyicha 2026–2028 yillarga moʻljallangan harakatlar rejasi tasdiqlandi.
Shuningdek, Bandlik vazirligi huzuridagi Kambagʻallik va mehnat bozori tadqiqotlari instituti hamda Xitoy Xalqaro kambagʻallikni qisqartirish markazi oʻrtasida Anglashuv memorandumi imzolandi.
Ikki tomonlama uchrashuvlar davomida tomonlar 2026-yil oktabr oyida Sirdaryo viloyatida Oʻzbekiston–Xitoy kambagʻallikni qisqartirish forumini oʻtkazishga kelishib oldi.
Mazkur kelishuvlar xalqaro hamkorlikni yanada mustahkamlash va kambagʻallikni qisqartirish boʻyicha ilgʻor tajribalarni keng joriy etishga xizmat qiladi.





