Bugun Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vaziri Behzod Musayev Germaniya Federativ Respublikasi Mehnat va ijtimoiy masalalar vaziri o'rinbosari, parlament a'zosi Anette Kramme bilan uchrashdi.
2024-07-15 22:00:00 / Vazirlik yangiliklari

Uchrashuvda O‘zbekiston fuqarolari uchun beriladigan ishchi viza olish tartibini soddalashtirish, vaqtincha ishlarga joylashayotgan hamyurtlarimizga har tomonlama qulaylik yaratish maqsadida oila a’zolarining ham Germaniyaga borishlari uchun imkoniyatlar yaratish, ular uchun “Ishonch telefoni”ni tashkil etish hamda mehnat inspeksiyasi sohasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va kadrlar malakasini oshirish masalalari muhokama qilindi.
Muloqotda O‘zbekistonda "Ausbildung" tizimini rivojlantirish hamda mazkur o‘quv dasturi uchun "Ishga marhamat" monomarkazlarida alohida xonalar ajratish masalalari ham muhokama qilindi. Qayd etilganidek, Germaniyaning O‘zbekistondagi elchixonasi ko‘magida moddiy-texnik bazani mustahkamlash uchun qator nemis kompaniyalari jalb etiladi.
Shuningdek uchrashuvda joriy yilning may oyida Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi delegatsiyasining Germaniyaga amalga oshirgan xizmat safari davomida erishilgan kelishuvlarni hayotga tatbiq etish mexanizmlari ham ko‘rib chiqildi.
Qayd etish kerakki, bugungi kunda Germaniya bilan mehnat migratsiyasi, kasb-hunarga tayyorlash va nemis tilini o‘rgatish sohalarida istiqbolli loyihalar amalga oshirilmoqda.
Muloqot davomida Anette Kramme Toshkent shahridagi “Ishga marhamat” monomarkazi faoliyati bilan yaqindan tanishgani va ijobiy taassurotlar olgani, ayniqsa u yerda nemis tilini o‘rgatish juda yaxshi yo‘lga qo‘yilganini alohida qayd etdi. Shuningdek, "Migratsiya va mobillik" hukumatlararo bitim loyihasi bo‘yicha hamkorlikdagi ishlarni yuqori baholadi.

