Sog‘lom psixologik-ijtimoiy ish muhitini ta’minlashga bag‘ishlangan xalqaro konferensiya
2026-04-27 09:00:00 / Press-relizlar
PRESS-RELIZ
“28-aprel – Butunjahon mehnatni muhofaza qilish kuni” munosabati bilan mamlakatimizda 27-aprel – 1-may kunlari “Mehnatni muhofaza qilish” haftaligi o‘tkazilmoqda.
Mazkur haftalik doirasida 28-aprel kuni Toshkent shahridagi “Chinabad Plaza” anjumanlar zalida “Sog‘lom psixologik-ijtimoiy ish muhitini ta’minlaylik” mavzusida xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi.
Konferensiyada davlat organlari, parlament vakillari, xalqaro tashkilotlar, xorijiy ekspertlar, yirik korxonalar, ilmiy muassasalar hamda fuqarolik jamiyati institutlari vakillari ishtirok etdi.
Tadbirda mehnat bozorining eng muhim masalalarini qamrab olgan quyidagi yo‘nalishlarda muhokamalar olib borildi:
- psixologik-ijtimoiy xavflarning global tendensiyalari;
- milliy siyosat va institutsional mexanizmlar;
- mehnat sohasida zo‘ravonlik va tazyiqning oldini olish;
- ilg‘or amaliyotlar va samarali yechimlar.
Konferensiya doirasida mehnatni muhofaza qilish sohasida yuqori natijalarga erishgan mutaxassislar va tashkilotlar taqdirlandi. Bu esa sohaga innovatsion yondashuvlarni joriy etish, ish joylarida inson omiliga e’tiborni kuchaytirish, xodimlar salomatligi va farovonligini ustuvor yo‘nalishga aylantirish hamda mehnat munosabatlarini yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi.
Mazkur konferensiya turli mamlakatlar va tashkilotlar o‘rtasida tajriba almashish hamda mehnat sohasida barqaror rivojlanishni ta’minlash uchun muhim muloqot platformasiga aylandi.
Tadbir yakunida mehnatni muhofaza qilish tizimini takomillashtirish, psixologik xavflarni boshqarish mexanizmlarini joriy etish hamda xalqaro hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha taklif va tavsiyalar ishlab chiqildi.
Manzil: Toshkent shahri, Yunusobod tumani, Chinobod koʻchasi, 88a-uy
Tadbirning boshlanish vaqti: 2026-yil 28-aprel soat 09:30
