Prezident Shavkat Mirziyoyev Fargʻonada barpo etilayotgan turizm majmuasi bilan tanishdi
2026-04-27 18:00:00 / Vazirlik yangiliklari

Prezident Shavkat Mirziyoyev Fargʻona viloyatiga tashrifi davomida Quva tumanidagi “Karkidon” suv ombori hududida barpo etilayotgan yangi turizm majmuasida bo‘ldi.
▪️Davlatimiz rahbarining 2025-yil 1-apreldagi qaroriga muvofiq, bu yerda qiymati 635 milliard soʻmlik zamonaviy turizm majmuasi shakllantirilmoqda. Hududda yoʻl infratuzilmasi yaxshilanib, obodonlashtirish ishlari davom etmoqda.
▪️Prezidentimiz hududda yaratilgan sharoitlar bilan tanishar ekan, bunday loyihalar aholi farovonligi, hudud iqtisodiyoti va mamlakatimizning sayyohlik salohiyatini oshirishda muhim ahamiyatga ega ekanini taʼkidladi. Turizm mamlakatni dunyoga tanitish, yangi ish oʻrinlari yaratish va xizmatlar eksportini kengaytirishning samarali yoʻnalishlaridan biri ekani qayd etildi.
▪️Loyiha doirasida yuzdan ortiq tadbirkorlik subyekti tashkil etilib, 2 mingga yaqin yangi ish oʻrni yaratiladi. Yiliga 750 ming nafar sayyohni qabul qilish, 3 milliard soʻmlik budjet tushumi hamda 5 million dollarlik xizmatlar eksportini taʼminlash koʻzda tutilgan. Majmua 2027-yildan toʻliq quvvatda ishga tushiriladi.






