Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha murojaat
“Korrupsiyaga yo‘l qo‘yish – islohotlarimizga xiyonatdir. Bu illatga qarshi kurashish bo‘yicha 2026 yilda “favqulodda holat” e’lon qilamiz. Shuningdek, Komplayens xizmatining faoliyatiga to‘sqinlik qilganlar – korrupsiyaga sherik, deb baholanadi va javobgarlik shunga mos holda bo‘ladi.”
Davlat rahbarining korrupsiyaga qarshi kurashga doir tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlagan holda, Agentlik tizimida ham korrupsiyaga qarshi kurashish bilan bog‘liq faoliyatni takomillashtirish yuzasidan kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilib, bu illatning oldini olish va profilaktika qilishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Shu bilan birga, Agentlik tizimi faoliyatida korrupsiya bilan bog‘liq huquqbuzarliklarni profilaktika qilish va ularga barham berishga qaratilgan vazifalar va yo‘nalishlar belgilab olinib, korrupsiyaviy xavf-xatarlarni aniqlash, baholash, shuningdek, ularni kamaytirish bo‘yicha tadbirlar amalga oshirib kelinmoqda. Agentlik tizimida korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish, korrupsiyaning oldini olishga doir targ‘ibot tadbirlari, agentlik tizimida faoliyat yuritayotgan xodimlarning huquqiy ongi va madaniyatini yuksaltirish bo‘yicha o‘quv seminarlari, treninglar, brifinglar va davra suhbatlari tashkil etib borilmoqda.
Sizlar, mehnat faoliyatingizdagi yuridik va jismoniy shaxslar bilan munosabatlarda halol, adolatli va mustaqil xulq-atvor namunasi bo‘lishingiz, o‘z mansab majburiyatingizni bajarishingiz doirasida, korrupsiyaning barcha shakllari va ko‘rinishlariga murosasiz munosabatni shakllantirgan holda korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha qonunchilik normalari va qabul qilingan ichki hujjatlarga rioya qilishingiz lozim.
O‘ylaymanki, jamiyat kushandasi bo‘lgan ushbu illatga qarshi kurashda nafaqat davlat tashkilotlari, balki, jamiyat va umuman barcha fuqarolarimiz mas’uldir. Biz korrupsiyaning oqibatlari bilan kurashishdan uning barvaqt oldini olishga o‘tishimiz lozim. Shunday ekan, davlat va jamoat tashkilotlari bu illatni oldini olishi va unga qarshi kurashda hamjihat bo‘lishi samarali natijalarga erishishning eng maqbul yo‘li bo‘lib hisoblanadi.
Shuningdek, Agentlik tizimida ishlayotgan xodimlarning qonunchilikka zid xatti-harakatlari yoki harakatsizliklarining guvohi bo‘lsangiz yoki xodimlarning korrupsiya va boshqa huquqbuzarlik holatlariga aloqadorligi yuzasidan ma’lumotlarga ega bo‘lsangiz, Agentlikning quyida keltirilgan aloqa kanallari orqali Korrupsiyaga qarshi ichki nazorat bo‘limini xabardor qilishlari lozim.
Sizu biz, xammamiz birgalikda korrupsiyaga qarshi murosasiz kurash olib boraylik!
Korrupsiyaga qarshi ichki nazorat bo‘limining aloqa kanallari
Xodimlarning korrupsiyaviy harakatlariga duch kelsangiz, quyidagi aloqa kanallari orqali xabar bering.
