audio

    16+
    Qozog‘iston hukumati delegatsiyasi mamlakatimizga tashrif buyurdi

    Joriy yilning 14-15-mart kunlari Qozog‘iston Respublikasi Bosh vaziri Oljas Bektenov boshchiligidagi hukumat delegatsiyasi mamlakatimizga tashrif buyurdi.

    Bugun, 15-mart kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov hamda Qozog‘iston Respublikasi Bosh vaziri Oljas Bektenov boshchiligida ikki mamlakat hukumat delegatsiyalarining uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

    Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlari do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va o‘zaro hurmat ruhida jadal rivojlanib borayotgani, bunda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev o‘rtasidagi do‘stona hamda ishonchli munosabatlar muhim omil bo‘layotgani ta’kidlandi.

    Davlatlarimiz Rahbarlari ikki mamlakat o‘rtasidagi ko‘p qirrali munosabatlarni yanada kengaytirish bo‘yicha hukumatlar oldiga aniq vazifalar belgilab bergani, bularni bajarish uchun birgalikda barcha zarur choralarni ko‘rish lozimligi qayd etildi.

    Uchrashuvda Oliy darajada erishilgan, shu jumladan, tovar ayirboshlashni oshirish, sanoat kooperatsiyasi, transport-logistika, energetika, suv xo‘jaligi, madaniy-gumanitar sohalaridagi loyihalarni ilgari surish borasida erishilgan kelishuvlarning ijrosini to‘liq ta’minlash zarurligiga alohida e’tibor qaratildi.

    Ikki mamlakat Bosh vazirlarining o‘rinbosarlari va boshqalar mazkur yo‘nalishlarda olib borilayotgan ishlar holati yuzasidan ma’lumot berdi.

    Qozog‘iston hukumati delegatsiyasining mamlakatimizga amaliy tashrifi doirasida Toshkent shahridagi Bojxona rasmiylashtiruvi markazi va Texnopark faoliyati bilan yaqindan tanishdi.

    • view_icon 1066