audio

    7+
    Moskvada oʻzaro tovar ayirboshlash hajmini oshirish chora-tadbirlari muhokama qilindi

    Joriy yilning 8-iyul kuni Oʻzbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov Rossiya Federatsiyasiga tashrifi doirasida Oʻzbekiston va Rossiya oʻrtasidagi tovar ayirboshlash hajmini oshirish boʻyicha ishchi guruhining birinchi yigʻilishida ishtirok etdi hamda Butunrossiya tashqi savdo akademiyasiga tashrif buyurdi.

    Ishchi guruh yig‘ilishida tegishli vazirlik, idoralar, tarmoq birlashmalari rahbarlari ishtirokida ikki davlat o‘rtasidagi savdo aloqalarini kengaytirish chora-tadbirlariga oid keng ko‘lamli masalalar ko‘rib chiqildi.

    Laziz Kudratov o‘z nutqida ikki davlat rahbarlarining mustahkam siyosiy irodasi va o‘zaro ishonchga asoslangan munosabatlari tufayli O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi hamkorlik etalon modelga aylangani to‘g‘risida fikr yuritdi.

    O‘zaro savdo aylanmasi barqaror o‘sishining ijobiy dinamikasi qayd etildi. Uning hajmi so‘nggi 7 yilda 2,5 barobar va joriy yil boshidan buyon 30 foizga oshdi. Bunga, boshqa omillar bilan bir qatorda, O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi o'rtasida keng qamrovli strategik sheriklik rejimi doirasida erishilgani ta’kidlandi. Shu bilan birga, ikki tomonlama savdo tarkibi keskin kengayib, yuqori qo‘shilgan qiymatga ega mahsulotlar ulushi ortdi.

    Ikki davlat rahbarlari tomonidan belgilab berilgan maqsad – 2030 yilgacha o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini 30 milliard dollarga yetkazish uchun mamlakatlarimizda barcha zarur imkoniyatlar mavjudligi ta’kidlandi.

    Bu vazifani ijro etishda 2024-2030 yillarga mo‘ljallangan O‘zbekiston Respublikasi bilan Rossiya Federatsiyasi o‘rtasida o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini oshirish bo‘yicha qo‘shma Harakatlar rejasini amalga oshirish muhim ahamiyatga ega.

    Uchrashuvda tomonlar Rejadagi vazifalar ijrosining bugungi holatini atroflicha o‘rganib chiqdi va bu borada ishlarni jadallashtirish bo‘yicha qo‘shma chora-tadbirlar ishlab chiqdi.

    Tashrif dasturiga muvofiq Laziz Kudratov Butunrossiya tashqi savdo akademiyasiga (BTSA) tashrif buyurdi. Rektor Vittoriya Idrisova ta’lim muassasasida talabalarni sifatli tayyorlash uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishtirdi. ISSV va BTSA o‘rtasidagi hamkorlik masalalari, xususan, Toshkent shahrida Akademiyaning filialini ochish hamda tashqi iqtisodiy faoliyat sohasida mutaxassislarni tayyorlash va malakasini oshirish dasturlari muhokama qilindi.

    O‘zbekiston delegatsiyasining Rossiya Federatsiyasiga tashrifi davom etmoqda.

    • view_icon 806
    : 2024-07-09 13:41:10