audio

    7+
    O‘zbekiston va Turkiya yangi tashabbuslarni amalga oshirmoqda

    Joriy yilning 6-iyun kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyevning Turkiya Respublikasiga rasmiy tashrifi doirasida Oʻzbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov Turkiya Savdo vaziri Omer Bolat bilan uchrashdi.

    Suhbatda ikki tomonlama savdo-iqtisodiy hamkorlikning dolzarb masalalari, Oʻzbekistonni Jahon savdo tashkilotiga aʼzo boʻlish jarayonida qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlari, shuningdek, iqtisodiyotning ustuvor tarmoqlarida sarmoyaviy hamkorlikni kengaytirish istiqbollari muhokama qilindi.

    O‘zbekiston-Turkiya hamkorligining rivojlanish dinamikasi alohida ta’kidlandi. So‘nggi 5 yil ichida o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 1,3 barobar oshib, 2023-yilda 3,1 milliard dollarga yetdi. Shu bilan birga, har ikki davlat ham savdo aylanmasini oshirish uchun ulkan salohiyatga ega ekanligi ta’kidlandi. Shu nuqtai nazardan, O‘zaro savdo nomenklaturasini kengaytirish, standartlarni uyg‘unlashtirish va o‘zaro tan olish, samarali tarif va notarif tartibga solish bo‘yicha rejalar kelishib olindi. O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish jarayonini har tomonlama qo‘llab-quvvatlashni davom ettirishga tayyorlik bildirildi.

    Transport yo‘laklarini diversifikatsiya qilish, yuk tashish hajmlarini oshirish, narxlarni optimallashtirish, tranzit jarayonlarini soddalashtirish, transport infratuzilmasini rivojlantirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

    Investitsiyaviy hamkorlik faol rivojlanmoqda. Oxirgi uch yilda qo‘shma korxonalar soni ikki barobarga oshib, 1900 taga yetdi. Investitsiyalar hajmi 2,5 barobar oshdi. Turkiya kompaniyalarining mamlakatimizdagi xususiylashtirish dasturlari va davlat-xususiy sheriklik tamoyillari asosida loyihalarni amalga oshirishdagi ishtirokini yanada kengaytirishga kelishildi.

    Uchrashuv yakunida tomonlar oʻzaro hamkorlikni yanada mustahkamlashga sodiqligini tasdiqladilar hamda muhokama qilingan loyiha va tashabbuslarni hayotga tatbiq qilishga doir hamkorlik formatini ishlab chiqdilar.

    • view_icon 450
    : 2024-06-06 16:01:39