audio

    0+
    O‘zbekiston va Ozarbayjon hududlar o‘rtasidagi aloqalarni kuchaytirmoqda

    Joriy yilning 21-may kuni Ozarbayjon Respublikasining Guba shahrida II-O‘zbekiston – Ozarbayjon hududlararo forumi bo‘lib o‘tdi. Unda ikki davlat 300 dan ortiq ishbilarmon doiralari vakillari, vazirliklar, idoralar, tarmoq birlashmalari, mahalliy davlat hokimiyati organlari rahbarlari ishtirok etdi.

    Forumga O‘zbekiston tomonidan – O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov, Ozarbayjon tomonidan – Ozarbayjon Respublikasi Iqtisodiyot vaziri Mikail Jabborov hamraislik qildi.

    Ishtirokchilarni qutlar ekan, Laziz Kudratov O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorligining ko‘rsatkichlari sezilarli darajada oshganiga e’tibor qaratdi. Xususan, so‘nggi 5 yil ichida ikki tomonlama tovar ayirboshlash hajmining 3 barobar, 2024-yil boshidan esa yana 15 foizga o‘sishi kuzatildi. Mamlakatlar yaqin kelajakda o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini 1 milliard dollarga yetkazish yuzasidan ishonchli choralar ko‘rmoqda.

    Investitsiyalar sohasida hamkorlik kuchaymoqda. Keyingi yillarda qo‘shma korxonalar soni 5 barobar oshdi. Bugungi kunda O‘zbekistonda Ozarbayjon kapitali ishtirokidagi 240 dan ortiq korxona faoliyat yuritmoqda. To‘plangan tajriba asosida Ozarbayjonda yengil avtomobillar, to‘qimachilik va ipak qurti klasterlari, O‘zbekistonda gipsokarton va zargarlik buyumlari ishlab chiqarish bo‘yicha qo‘shma korxonalar faoliyati yo‘lga qo‘yildi.

    Hamkorlikni rivojlantirishning yangi yo‘nalishlari belgilandi. Bu, birinchi navbatda, iqtisodiyotlarni bir-birini to‘ldirish tamoyiliga asoslanib, savdo aloqalarini chuqurlashtirish, jumladan, neft-kimyo mahsulotlari va oziq-ovqat, elektrotexnika, to‘qimachilik va farmatsevtika mahsulotlari savdosini oshirishdir. Ikkinchidan, bu EIZ imtiyozlaridan foydalangan holda yengil sanoat, qishloq xo‘jaligi, farmatsevtika, elektrotexnika, mashinasozlik, kimyo va zargarlik sanoati sohalarida qo‘shma sanoat kooperatsiyasi loyihalarini amalga oshirishdir.

    Qo‘shma loyihalarni amalga oshirishni rag‘batlantirishda kapitali 500 million dollar bo‘lgan O‘zbekiston-Ozarbayjon investitsiya kompaniyasining ahamiyati ta’kidlandi.

    Shuningdek, transport-logistika aloqalari va turizmni kengaytirish istiqbollari qayd etildi. Shu o‘rinda, ikki mamlakat poytaxtlari hamda Samarqand, Urganch va Farg‘ona kabi O‘zbekistonning tarixiy shaharlari o‘rtasida aviaqatnovlar yo‘lga qo‘yilgani ham muhimdir.

    Spikerlar Ozarbayjon bilan samarali hamkorlikni yanada chuqurlashtirishga hamda qo‘shma loyihalarni amalga oshirishni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekanliklarini bildirdilar.

    Forum doirasida Laziz Kudratov Ozarbayjon Respublikasi iqtisodiyot vaziri Mikail Jabborov bilan tor doirada muzokaralar olib bordi. Suhbatda amalga oshirilishi kutilayotgan qo‘shma loyihalar atroflicha muhokama qilindi, aniq chora-tadbirlar va mas’ul rahbarlar belgilab olindi.

    Tadbir davomida ikki mamlakat hududlarining sarmoyaviy va sanoat salohiyati taqdimotlari hamda B2B va G2B tarzida muzokaralar o‘tkazildi. Natijada tadbirkorlar yangi tanishuvlar orttirishga, o‘zaro manfaatli hamkorlikning amaliy jihatlarini muhokama qilishga muvaffaq bo‘ldi.

    Hududlararo forum yakunlari boʻyicha Termiz va Bilasuvar, Namangan va Mingechevir, Guliston va Fizuli shaharlari oʻrtasida savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalarda hamkorlik toʻgʻrisida Oʻzaro anglashuv memorandumlari, shuningdek, qishloq xo'jaligi va to'qimachilik sanoati sohalarida investitsiya bitimlari va savdo shartnomalari imzolandi.

    • view_icon 570
    : 2024-05-21 22:42:33