audio

    0+
    Istanbulda Turkiy investitsiya jamg‘armasining Inauguratsion uchrashuvi bo‘lib o‘tdi

    Joriy yilning 18-may kuni O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov Turkiya Respublikasi Istanbul shahridagi Dolmabaxche saroyida bo‘lib o‘tgan Turkiy investitsiya jamg‘armasining Inauguratsion uchrashuvida ishtirok etdi.

    Tadbirda, shuningdek, Turkiya Vitse-prezidenti Jevdet Yilmaz, Jamg‘arma prezidenti Bag‘dod Amreyev, Turkiya G‘aznachilik va moliya vaziri Mehmet Shimshek, Qozog‘iston Bosh vaziri o‘rinbosari – Milliy iqtisodiyot vaziri Nurlan Baybazarov, Ozarbayjon Iqtisodiyot vazirining birinchi o‘rinbosari Elnur Aliyev va boshqa rasmiy shaxslar qatnashdi.

    Bag‘dod Amreyev o‘zining qutlov nutqida Jamg‘armani tashkil etishning o‘z vaqtida amalga oshirilganligini, uning transport, energetika, turizm, IT sohasida, innovatsion rivojlanish va boshqa ustuvor yo'nalishlarda yangi ulkan loyihalar va xususiy biznes operatsiyalarini moliyalashtirishning samarali manbai sifatida mamlakatlar o‘rtasidagi ishonchli sarmoyaviy va iqtisodiy hamkorlikni yanada kengaytirishdagi ahamiyatiga e’tibor qaratdi.

    O‘z navbatida, Laziz Kudratov Turkiy investitsiya jamg‘armasining tashkil etilishi turkiy davlatlar o‘rtasidagi hamkorlik va mintaqaning iqtisodiy rivojlanishi uchun yangi imkoniyatlarni ochib, sarmoya kiritish va yangi qo‘shma loyihalarni amalga oshirish uchun zamin yaratishini ta’kidladi.

    Shuningdek, u Jamg‘arma ko‘magida amalga oshirilayotgan qo‘shma sa’y-harakatlar va investitsiya tashabbuslari ishtirokchi mamlakatlar iqtisodiyotlari o‘sishi va fuqarolar farovonligini oshirishga hissa qo‘shib, teng foyda keltirishiga umid bildirdi.

    Tashkil etilgan uchrashuv ishtirokchilari tomonidan Jamg‘arma boshqaruvi va tashkiliy faoliyati samaradorligini oshirishga, jumladan, Direktorlar kengashi tarkibiga vakillarni tayinlash, rahbariyat va xodimlarning mehnatiga haq to‘lash va rotatsiya qilish tartibi, ichki huquqiy hujjatlarni tayyorlash va Jamg‘arma faoliyatining boshqa muhim yo‘nalishlariga oid bir qator muhim qarorlar qabul qilindi.

    Tadbir yakunida yig‘ilish ishtirokchilari tomonidan Jamg‘arma ishini faollashtirish chora-tadbirlari kelishib olindi, qo‘shma qarorlar qabul qilish tartibi ishlab chiqildi va pilot loyiha tashabbuslari belgilab olindi.

    • view_icon 441
    : 2024-05-20 17:32:17