
Gender tenglik
Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligida ayollarning ish faoliyati samaradorligini oshirish maqsadida “Ayollar klubi” tashkil etilgan. Ushbu klub doirasida turli seminar va treninglar, shuningdek, o‘z kasbining yetuk va faol mutaxassislari bo‘lgan psixologlar ishtirokida davra suhbatlari o‘tkazilib, ayollarning bugungi kundagi ko‘plab savol va muammolariga yechim topishlarida amaliy yordam ko‘rsatilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi markaziy apparatida 2025-yil yakuniga qadar jami 54 nafar ayol xodim faoliyat yuritmoqda.
Ayol kadrlarning 8 nafari mas’ul rahbarlik lavozimlarida faoliyat olib borayotgani alohida e’tiborga molik bo‘lib, ular orasida 3 nafar boshqarma boshlig‘i, 1 nafar boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari hamda 4 nafar bo‘lim boshlig‘i mavjud. Ushbu rahbar ayollar vazirlik faoliyatining samarali tashkil etilishiga munosib hissa qo‘shib kelmoqda.
2025-yil davomida vazirlikka 8 nafar yangi ayol xodim ishga qabul qilindi. Vazirlik tizimida faoliyat yuritayotgan ayollar mamlakatda investitsiya muhitini yaxshilash, sanoatni rivojlantirish hamda tashqi savdo aloqalarini kengaytirishga qaratilgan muhim strategik tashabbuslarni ishlab chiqish va amalga oshirishda faol ishtirok etmoqda.
Shuningdek, ular investitsiya loyihalarini tahlil qilish, xalqaro muzokaralarda qatnashish hamda tadbirkorlik subyektlarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan dasturlarni samarali amalga oshirishga salmoqli hissa qo‘shmoqda.
Bundan tashqari, vazirlikdagi ayol kadrlar raqamlashtirish jarayonlarini joriy etish, innovatsion yondashuvlarni qo‘llash hamda davlat xizmatlari sifatini oshirishga qaratilgan islohotlarda faol ishtirok etib, zamonaviy, ochiq va shaffof davlat boshqaruvi tizimini shakllantirishga xizmat qilmoqda.
Vazirlik ayollar uchun mehnat sharoitlarini yanada yaxshilash, ularning rivojlanishini qo‘llab-quvvatlash, ijtimoiy himoyani kuchaytirish hamda kasbiy o‘sish imkoniyatlarini kengaytirishga yo‘naltirilgan tashabbuslarni izchil amalga oshirib kelmoqda.

