Toshkentda kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha II Xalqaro forum bo‘lib o‘tadi
2023-05-12 16:50:00 / Press-relizlar
2023-yil 18-may kuni “Hilton” mehmonxonasida “Kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha ilg‘or tajribalarni hayotga tatbiq etish” II Xalqaro forumi bo‘lib o‘tadi.
Joriy yilda Forum O‘zbekiston Respublikasi kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi bilan hamkorlikda Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi (Markaz) tomonidan tashkil etildi. Forum BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi vakolatxonasi ko‘magida tashkil etilgan.
Yurtimizda bo‘lib o‘tadigan Kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha ikkinchi xalqaro forumda 200 dan ortiq delegatlar, shu jumladan, kambag‘allikka qarshi kurash bo‘yicha J-PAL global tashabbusi, BMT, BMTTD, XMT, Jahon banki, YUNICYeF, OTB, FTA, GIZ va boshqa nufuzli xalqaro tashkilotlar ekspertlari ishtirok etishi kutilmoqda.
Iqtisod bo‘yicha Alfred Nobel nomidagi mukofot sovrindori, kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha global tashabbusi J-PAL hammuassisi – Abhidjit Banerdji, Jorj Vashington universitetining farovonlik iqtisodiyoti va kambag‘allikni o‘lchash bo‘yicha iqtisod professori – Jeyms Foster, Oksford kambag‘allikka qarshi kurashish va inson kapitalini rivojlantirish tashabbusi direktori – Sabina Alkayrning ishtiroki katta ahamiyatga ega bo‘ladi.
Shuningdek, Forumda Osiyo taraqqiyot banki vitse-prezidenti Shichen Chen, Jahon bankining Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasi bo‘yicha vitse-prezidenti Anna Byerde, BMTning O‘zbekistondagi doimiy muvofiqlashtiruvchisi Konsuelo Vidal Brus, YUNISEFning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Munir Mamedzoda, Jahon bankining O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Marko Mantovanelli, Xitoy Xalq Respublikasining kambag‘allikka qarshi kurash xalqaro markazi direktori Lyu Szyunven, Pekin pedagogika universiteti professori, Qishloq hududlari reabilitatsiyasi milliy departamenti rahbari Chjan Si o‘z ma’ruzalari bilan qatnashadi.
Bundan tashqari, Forumda Ozarbayjon Respublikasi, Qozog‘iston Respublikasi, Xitoy Xalq Respublikasi, Qirg‘iziston Respublikasi, Pokiston Islom Respublikasi, Tojikiston Respublikasi, shuningdek, diplomatik korpus vakillari ishtirok etishadi.
Xalqaro forumning maqsadi – kambag‘allikka qarshi kurashish bo‘yicha ilg‘or jahon tajribasi va usullarini o‘rganish, yaqin yillarda ko‘p o‘lchovli kambag‘allikka barham berishda muvofiqlashgan kompleks yondashuv, ijtimoiy himoya va manzilli yordamga alohida e’tibor qaratgan holda amalga oshiriladigan qo‘shma tadqiqotlar uchun ustuvor yo‘nalishlarini shakllantirish, inson kapitalini takomillashtirish orqali mehnat bozorida o‘qitish dasturlari sifatini oshirish, kichik korxonalarning o‘sishini qo‘llab-quvvatlash, yuqori sifatli ta’lim olish imkoniyatlarini kengaytirishdan iborat bo‘ladi.
Ishtirokchilar rivojlanayotgan mamlakatlarda to‘plangan tajribani yanada ommalashtirish maqsadida kambag‘allikka qarshi kurashish bo‘yicha tegishli chora-tadbirlarni amalga oshirishda O‘zbekiston erishgan yutuqlarning usullari va natijalarini, jumladan, ularning samaradorligini ko‘rib chiqadilar.
Forum doirasida hamkorlikka oid bir qator hujjatlarni imzolash va qo‘shma kommyunikeni qabul qilish rejalashtirilgan bo‘lib, jumladan, Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi hamda J-PAL global tashabbusi o‘rtasida Hamkorlik dasturi imzolanishi kutilmoqda.
O‘zbekistonning kambag‘allikka qarshi kurash tajribasi
Aksariyat mamlakatlar kambag‘allikni qisqartirish yo‘nalishida faoliyatni xalqaro tashkilotlarning tavsiyalari va to‘plangan tajribalarga tayangan holda tayyor amaliyot va strategiyalar asosida amalga oshirayotgan bo‘lsa, O‘zbekistonda qisqa muddatda kambag‘allikni qisqartirish sohasida o‘ziga xos tashkiliy modeli shakllantirilib, o‘tgan yili joriy etildi va o‘z ijobiy natijalarini ko‘rsatishni boshladi.
O‘zbekistonda kambag‘allik muammosini hal etish ijtimoiy siyosatda alohida o‘rin egallaydi, unga qarshi faol kurash 2020-yilda, mamlakatimiz ushbu holatni rasman tan olgan paytda boshlangan edi. Aholining ehtiyojmand qatlamini manzilli qo‘llab-quvvatlash maqsadida ma’lumotlar bazalari shakllantirildi. 2021-yildan boshlab kam ta’minlanganlarni “Ijtimoiy himoyaning yagona reyestri” axborot tizimiga kiritish orqali hisobga olish mexanizmi joriy etilgan. 2017-yilda 500 ming nafar kam ta’minlangan oilaga ijtimoiy yordam ko‘rsatilgan bo‘lsa, bugungi kunda ushbu ko‘rsatkich 2,2 milliondan ziyodni tashkil qilmoqda. Ajratilayotgan mablag‘lar hajmi yetti baravar oshirilib, yiliga 13 trillion so‘m (1,1 milliard dollar)ga yetdi.
Mamlakatimiz Prezidentining o‘tgan yil 20 dekabrdagi Oliy Majlisga va O‘zbekiston xalqiga Murojaatnomasida ta’kidlanganidek, Yangi O‘zbekistonni “ijtimoiy davlat” tamoyili asosida qurish, inson salohiyatini ro‘yobga chiqarish uchun teng imkoniyatlar, odamlar munosib hayot kechirishi uchun zarur sharoitlar yaratish va kambag‘allikni qisqartirish maqsad qilingan.
Shundan kelib chiqib, ijtimoiy sohaga davlat xarajatlarini oshirish vazifasi qo‘yildi. Xususan, 2018-yilda ular 35 trillion, 2019-yilda 61,3 trillion, 2020-yilda 74,2 trillion, 2021 yilda 85,3 trillion so‘mni tashkil etgan. 2022-yilda esa 105,5 trillion so‘m yo‘naltirilgan.
Joriy yilning 25-yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyev raisligida kambag‘allikni qisqartirish, aholi bandligini ta’minlash masalalariga bag‘ishlab o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida keltirib o‘tilgan ma’lumotlar O‘zbekistonda kambag‘allikni qisqartirish jarayonlari natijador bo‘lib, yuqori samaradorlikni namoyish etayotganini ko‘rsatdi.
Xususan, 2022-yil yakunlariga ko‘ra kambag‘allik darajasi 17 foizdan 14 foizga kamaygani qayd etildi. Yangi ish o‘rinlarini yaratishga alohida e’tibor qaratildi. Yil davomida 200 mingga yaqin tadbirkorlik sub’yektlari tashkil etilib, 10 mingta korxonaning faoliyati kengaytirildi va 11 mingta korxona quvvati tiklandi. Davlat dasturlari, jumladan, aholini kasb-hunarga o‘qitish, mahallalarda tadbirkorlikka ko‘maklashish sohasida amalga oshirilayotgani natijasida 1 million kishi kambag‘allikdan olib chiqildi.
Davlatimiz rahbarining 2022-yil 21-dekabrdagi “Yangi O‘zbekiston ma’muriy islohotlarini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha chora-tadbirlar samaradorligini yanada oshirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha mas’ul besh idora O‘zbekiston Respublikasi Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligining yagona tizimiga aylantirilib, unga barcha tashkiliy imkoniyatlar va moliyaviy resurslar taqdim etildi. O‘zaro kesishuvchi masalalarning bir vazirlik doirasida jamlanishi ularning yanada samarali va kompleks hal etilishiga xizmat qilishi shubhasiz.
Kambag‘allikka qarshi kurash so‘nggi o‘n yillikda global kun tartibining asosiy masalalaridan biri sifatida O‘zbekiston davlat siyosatida ham izchillik bilan amalga oshirilmoqda. Mamlakatimiz iqtisodiy islohotlarning ikkinchi bosqichiga qadam qo‘yayotgan bir paytda, olib borilayotgan siyosat kambag‘allik va tengsizlikka qarshi kurashishga bag‘ishlangan kun tartibini bajarishda davom etmoqda.
Davlatimiz rahbarining Murojaatnomasida 2023-yilda kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan siyosatning ustuvor yo‘nalishlari belgilab berilgan.
Xususan, aholining turmush sharoitlarini yaxshilash, kambag‘allikni bartaraf etish chora-tadbirlari mahalla miqyosida davom ettiriladi. Aholi tashabbus ko‘rsatgan loyihalarni amalga oshirish uchun qariyb uch baravar ko‘p, salkam 8 trillion so‘m mablag‘ yo‘naltirish ko‘zda tutilgan.
Hududlar o‘rtasidagi iqtisodiy tengsizlikni qisqartirishni ta’minlovchi mexanizm ishga tushirilib, ular sharoiti va salohiyatidan kelib chiqib, besh toifaga ajratildi. Tadbirkorlar uchun subsidiya, kredit va kompensatsiyalarni toifalardan kelib chiqib ajratish ko‘zda tutilgan. Ular uchun soliq stavkalari ham har xil bo‘ladi.
Toshkent viloyatida “Mening birinchi uyim” ijtimoiy uy-joy ipoteka dasturi ishga tushirilmoqda (uy-joylarni birinchi navbatda ehtiyojmand oilalar uchun qurish ko‘zda tutilgan). Uy-joy qurilishi hajmi 1,5 baravar oshirilib, 90 mingta xonadon va yakka tartibdagi uy-joylarga yetkaziladi.
Tumanlar kesimida 2023-yilga mo‘ljallangan bandlik dasturlarini puxta ishlab chiqish va tasdiqlash vazifasi qo‘yildi.
Har bir kam ta’minlangan oila uchun yagona raqamli pasport ishlab chiqish, kambag‘allikdan chiqish bo‘yicha individual dasturlar tayyorlash, kasb-hunarga o‘qitish va tadbirkorlik loyihalarini amalga oshirish rejalashtirilgan. Shu maqsadda mahallalarda 300 ta mikromarkaz yaratish ishlari boshlab yuborildi. Har bir tumanda tadbirkorlikni rivojlantirish dasturini ishlab chiqish bo‘yicha ko‘rsatma berildi.
Joriy yilda oilaviy biznes dasturi uchun 12 trillion so‘m ajratiladi. Bunday kreditlarning maksimal miqdori ortadi. Davlatimiz rahbarining 2023-yil 25-yanvardagi “Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga asosan oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida loyihalarni moliyalashtirish uchun “Agrobank” ATB, “Mikrokreditbank” ATB va AT Xalq bankiga 300 million dollar miqdorida mablag‘lar uch yillik imtiyozli davr bilan yetti yil muddatga 10 foiz stavkada ajratiladi.