Konvensiya ratifikatsiya qilindi
2024-06-20 17:40:00 / Vazirlik yangiliklari
O‘zbekiston Xalqaro mehnat tashkilotining Ishlayotgan erkaklar va ayollar uchun teng munosabatlar va teng imkoniyatlar: oilaviy majburiyatlarga ega xodimlar to‘g‘risidagi 156-sonli Konvensiyasini (Jeneva, 1981-yil 23-iyun) ratifikatsiya qildi.
2024-yil 19-iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan Konvensiyani ratifikatsiya qilish to‘g‘risidagi (O‘RQ-932-son) Qonun imzolandi.
Konvensiyada quyidagi talablar mavjud:
▪️oilaviy majburiyatli xodimlar: erkak va ayol xodimlar uchun muomala va imkoniyat tengligi;
▪️oilaviy majburiyatli xodimlarga o‘qitish va kasbga yo‘naltirish, mehnat faoliyatini boshlash yoki davom ettirishi va ushbu majburiyatlar bilan bog‘liq holda ishdan bo‘shatilgandan keyin uni qayta tiklashlari uchun tegishli choralar ko‘rilishi;
▪️oilaviy majburiyatli xodimlar o‘zlarining ishni erkin tanlash huquqidan foydalanish, ularning bandlik va ijtimoiy ta’minot sharoitlari bo‘yicha ehtiyojlari hisobga olish;
▪️mahalliy darajada tadbirlarni rejalashtirishda oilaviy majburiyatli xodimlarning ehtiyojlarini hisobga olish, bolalarni parvarish qilish va oilaga yordam ko‘rsatish bo‘yicha muassasalar va xizmatlar kabi davlat yoki xususiy ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish;
▪️har bir davlatning vakolatli organlari erkak va ayol xodimlarga teng munosabat va teng imkoniyatlar tamoyili hamda oilaviy majburiyatli xodimlarning muammolarini keng jamoatchilikka tushuntirishga ko‘maklashish maqsadida axborot va ta’limni rivojlantirishni rag‘batlantirish, shuningdek ushbu muammolarni hal qilishga yordam beradigan jamoatchilik fikrini rag‘batlantirish bo‘yicha tegishli choralarni ko‘rish.
Ma’lumot uchun, mazkur konvensiya 45 ta davlat tomonidan ratifikatsiya qilingan.