HAMISHA YUKSAKLARDA HILPIRAYVER O‘ZBEKISTON BAYROG‘I!
2024-11-15 14:50:00 / Yangiliklar
Davlat bayrog‘i baland hilpiraganda qalbi titramagan kim bor?
Xonadonida O‘zbekiston bayrog‘ini ilib qo‘ygan vatandoshimizdan ham Vatanni kuchliroq sevadigan bormi?!
Bayroq o‘zi biz uchun qanchalik aziz?!
Tarixdan ma’lumki, qadimdan yurtimiz davlatchiligida bayroq ajdodlarimiz uchun ozodlik, kuch-qudrat, jasorat, g‘alaba timsoli bo‘lgan. Sohibqiron Amir Temur saltanatida davlat tug‘i adolat, buyuk kuch-qudrat ramzi hisoblangan. Jangu jadallarda yuksak mardlik va jasorat belgisi sifatida eng kuchli bahodirlarga hadya qilingan. Bobomiz Najmiddin Kubro yov qo‘lida shahid bo‘lsa-da, changalida mahkam tutgan yalovni hech kim ololmagan.
Davlatimiz bayrog‘i O‘zbekiston Respublikasi rasmiy delegatsiyalarining xorijiy mamlakatlarga safarlari chog‘ida, xalqaro tashkilotlarda, konferensiyalarda, xalqaro ko‘rgazmalarda, mamlakatimiz vakillari qatnashayotgan xalqaro ahamiyatga molik tadbirlar, sammitlar, anjumanlar, sport musobaqalarida baland ko‘tariladi.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti binosi oldida, davlatimizning xorijiy mamlakatlardagi diplomatik, savdo vakolatxonalari va konsullik muassasalari binolari oldida hilpirab turgan O‘zbekiston bayrog‘i barchamizda faxr-iftixor hissini uyg‘otadi.
Bayrog‘imizga doir eng muhim ma’lumotlarni yoshu-keksa, ayol-erkak –hamma bilishi lozim.
Davlat bayrog‘i O‘zbekiston Respublikasining 1991-yil 18-noyabrdagi 407-XII-sonli «O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘i to‘g‘risida»gi Qonuni bilan tasdiqlangan.
O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘i O‘zbekiston Respublikasi davlat suverenitetining ramzidir.
O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘i xalqaro munosabatlarda O‘zbekiston Respublikasining timsoli bo‘ladi.
O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘i — bayroqning butun uzunligi bo‘ylab o‘tgan to‘q moviy rang, oq rang va to‘q yashil rangli uchta endan tarkib topgan to‘g‘ri to‘rtburchak shaklidagi matodir.
O‘zbekiston xalq shoiri Iqbol Mirzo tarannum etganidek:
Qalbimiz to‘la surur,
To‘tiyo yurt tuprog‘i,
Hilpirab turar mag‘rur,
O‘zbekiston bayrog‘i.
Gulzoda Xurramova,
IIVning 2-son Toshkent akademik litseyi tarix o‘qituvchisi