Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasi tomonidan 2025-yil amalga oshirilgan ishlar tahlili to‘g‘risidagi MA’LUMOT
Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasi tomonidan 2025 yil amalga oshirilgan ishlar tahlili to‘g‘risidagi
MA’LUMOT
2025 yilning o‘tgan davrida quyidagi ishlar amalga oshirildi:
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Respublikada 2025 yilda chorvachilik va uning tarmoqlarini rivojlantirishda zahiradagi quvvatlarni ishga tushirish, naslchilik ishlarini takomillashtirish, mahsulot ishlab chiqarish hajmlarini oshirish, zamonaviy innovatsiyalarni joriy etish hamda veterinariya xizmatlarini ko‘rsatish ko‘lamini yanada kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 8-son bayoni (28.02.2025 y. 04-01-57-son) bilan chorvachilik va uning tarmoqlarini rivojlantirish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturlari tasdiqlanib, ijroga qaratilgan.
Chorvachilik tarmoqlarida umumiy qiymati 5,2 trln so‘mlik 1099 ta loyihalar ishga tushirildi.
Jumladan, qoramolchilikda – 1,4 trln so‘mlik 431 ta, qo‘y va echkichilikda – 244,3 mlrd so‘mlik 139 ta, parrandachilikda – 1,9 trln so‘mlik 146 ta, baliqchilikda – 413,8 mlrd so‘mlik 148 ta, tuyachilik va yilqichilik yo‘nalishida 14 mlrd so‘mlik 14 ta loyihalar ishga tushirildi.
Loyihalar doirasida chetdan 217 ming bosh qoramol va 281 ming bosh qo‘y va echkilar olib kelindi.
Natijada qoramollar bosh sonini 14,6 mln boshga, qo‘y-echkilar bosh sonini 25,3 mln boshga parrandalar bosh sonini 116,1 mln boshga yetkaziladi.
Aholi va fermer xo‘jaliklari qaramog‘idagi 2,5 mln bosh sigir va tanalar sun’iy urug‘lantirildi.
Joylardagi 809 ta chorvachilik subyektlariga “Naslchilik xo‘jaligi” maqomi berildi.
-
Ushbu tadbirlarni amalga oshirish hisobidan joriy yilning shu kuniga qadar 3.0 ming tonna go‘sht (tirik vaznda), 12,7 ming tonna sut va 9,8 mlrd dona tuxum ishlab chiqarildi.
Natijada, loyihalar doirasida qo‘shimcha 41 ming boshdan ortiq qoramol, 67 ming bosh qo‘y-echki, 38 mln bosh parrandalar boqish yo‘lga qo‘yildi.
Ma’lumot uchun: 2023–2025 yillarda chorvachilik va uning tarmoqlarini rivojlantirish sohasida umumiy qiymati 26,3 trln so‘mlik 7 ming ta loyihalar amalga oshirilib, 100 ming nafardan ortiq doimiy va mavsumiy yangi ish o‘rinlari yaratildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining PQ-285-sonli qarorga asosan respublikamizning chorvachilikka ixtisoslashgan tumanlarda 450 mlrd so‘mlik 27 ta yirik chorvachilik klasterlari tashkil etildi.
Bundan tashqari, bugungi kunga qadar chorvachilik tarmoqlarini rivojlantirish uchun Xalqaro moliya institutlari ishtirokidagi loyihalar doirasida jami 536,3 mln dollar mablag‘lar jalb qilindi.
Jahon banki 240,0 mln dollar, Osiyo taraqqiyot banki 150 mln dollar, Fransiya taraqqiyot agentligi 108,5 mln dollar, Xalqaro qishloq xo‘jaligini rivojlantirish fondi 37,8 mln dollar
Joriy yilda chorvachilik rivojlangan xorijiy davlatlardan
217 ming bosh qo‘y va echkilar, 281 ming bosh qoramollar hamda 3,4 mln dona bir kunlik naslli jo‘jalar olib kelinib parvarishi yo‘lga qo‘yildi.
Mo‘g‘uliston va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentlarining kelishuviga asosan mamlakatimiz hududlariga 100,4 ming bosh “Bayat” zotli qo‘ylar olib kelindi.
Amalga oshirilgan ishlar natijasida chorvachilik subyektlari soni 19,3 ming taga yetkazildi
Ma’lumot uchun, qoramolchilik bilan shug‘ullanuvchi subyektlar soni 8054 ta (2023 yilda 6460 ta) yoki 125%ni;
Qo‘y va echkichilik bilan shug‘ullanuvchi subyektlar soni 3691 ta (2830 ta) yoki 130%ni tashkil etdi.
300–500 boshgacha bo‘lgan yirik qoramolchilik xo‘jaliklari soni 537 ta (2023 yilda 219 ta)ga yoki 249%ga, 500–1000 bosh quvvatdagi qoramolchilik xo‘jaliklar soni 475 taga (289 ta) yoki 165%ga, 1000 boshdan yuqori bo‘lgan xo‘jaliklar soni 193 taga (116 ta) yoki 166%ga yetkazildi.
Aholining chorvachilik mahsulotlari bilan ta’minlanish darajasi go‘shtda 109%ni va sutda – 111,2%ni tashkil etdi.
Davlat rahbarining sohaga oid ilgari surgan tashabbuslari va ularning natijalari;
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 30 yanvardagi “Yaylovlarni muhofaza qilish va ulardan oqilona foydalanishning zamonaviy mexanizmlarini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”dagi Farmoni bilan yaylov yerlaridan samarali va maqsadli foydalanish, ularni muhofaza qilish, o‘simliklar tabiiy plantatsiyalarini yaratishga qaratilgan chora-tadbirlar ishlab chiqish;
yaylovlarda o‘simliklar urug‘chiligini rivojlantirish, yaylov yerlarini ijaraga berishni tashkil etish, shartnomaviy munosabatlarni monitoring qilish;
qorako‘l zotining genofondini saqlash, takror ko‘paytirish va takomillashtirish, seleksiya-naslchilik rejalarini amaliyotga tatbiq etish hamda infratuzilmalarni yaxshilash bo‘yicha takliflar ishlab chiqish asosiy vazifalari etib belgilangan.
2025 yil 5 iyuldagi “Qishloq xo‘jaligini rivojlantirish xalqaro jamg‘armasi ishtirokidagi «O‘zbekistonning sutçilik sohasida qo‘shilgan qiymat zanjirini rivojlantirish (2-bosqich)» loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-175-son qarori bilan QXRHJ tomonidan O‘zbekiston Respublikasiga loyihani moliyalashtirish uchun 5 yillik imtiyozli davr bilan 25 yilga 30,0 mln AQSh dollari miqdoridagi imtiyozli kredit hamda 7,8 mln AQSh dollari miqdoridagi kredit mablag‘lari yo‘naltirildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 31 oktabrdagi PQ-322-son qarori tasdiqlanib, chorvachilik tarmoqlarini rivojlantirish bo‘yicha bir qator imtiyozlar berildi.
Jumladan:
2026 yil 1 yanvardan 2027 yil yakuniga qadar tirik yirik shoxli qoramol va tirik qo‘y va echkilarni import qilishda hisoblangan qo‘shilgan qiymat solig‘ini 180 kungacha bo‘lgan muddatga kechiktirib to‘lashga ruxsat etildi;
tijorat banklari tomonidan ozuqabop va moyli ekinlarni yetishtirish uchun hosil qiymatining 50 foizigacha yillik 12 foiz stavkada (shundan 4 foiz bank marjasi) 12 oy muddatga imtiyozli kreditlar ajratish belgilandi;
ozuqabop va moyli ekinlarni yetishtiruvchi subyektlarga mahsulot yetishtirishda sug‘orish tadbirlari uchun o‘z balansidagi nasos agregatlari sarflaydigan elektr energiyasi xarajatlarining 50 foiz qismini Davlat budjetidan qoplab berish amaliyoti joriy etildi;
ozuqabop mahsulotlarni yetishtirish uchun 49 yilga ijaraga berilgan yerlar hamda umumiy paxta-g‘allachilik va chorvachilik xo‘jaliklarining 10 gektardan kam bo‘lmagan yerlarining 1 foiz, lekin 20 sotixdan ko‘p bo‘lmagan qismida yirik va mayda shoxli qoramollarni saqlash uchun yengil konstruksiyali bino, suv rezervuari va ozuqa saqlash omborxonalarini qurishga ruxsat berildi;
chorvachilik mahsulotlari ishlab chiqaruvchi tadbirkorlik subyektlariga ozuqabop ekinlarni yetishtirish uchun elektron onlayn auktsion savdolari orqali yer uchastkalarini ijaraga olish huquqini sotib olish uchun hisoblangan to‘lovlarni 5 yil muddatda teng ulushlarda bo‘lib-bo‘lib to‘lashga ruxsat berilganligi kelgusida soha rivojiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.
Soha bo‘yicha Davlat rahbari ishtirokidagi tashriflar, majlislar, uchrashuvlar va ularning yakunlari bo‘yicha berilgan topshiriqlar ijrosi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 17 iyuldagi Mo‘g‘ulistonga oliy darajadagi tashrif davomida qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat sohalarida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” PQ–225-son qarori bilan Mo‘g‘ulistondan O‘zbekistonga 100 ming bosh mayda shoxli mollarning olib kelish topshirig‘i berilgan. Topshiriqqa asosan bugungi kunda Mo‘g‘ulistondan jami 102 ta chorvachilik xo‘jaliklariga 100 ming bosh “Bayat” zotli qo‘ylar olib kelindi.
Sohada pullik veterinariya xizmatlari ko‘rsatish tizimida ham ijobiy natijalarga erishilmoqda.
Joriy yilning yanvar–dekabr oylarida 260 mlrd so‘m pullik veterinariya xizmatlari ko‘rsatildi.
Chorvachilik mahsulotlari yetishtiruvchi xo‘jaliklarga xorijiy davlatlardan import qilingan bir kunlik jo‘jalarni sotib olish xarajatlarining bir qismini qoplab berish uchun 48 mlrd so‘m subsidiyalar ajratildi.
Hayvonlar orasida epizootik barqarorlikni ta’minlash. 39 mln bosh chorva mollari 11 turdagi kasalliklarga qarshi emlandi, 12,7 mln bosh hayvonlarda diagnostik tahlillar o‘tkazildi, 94 mln bosh parrandalar 4 turdagi kasalliklarga qarshi emlandi, 38,7 mln bosh chorva mollarga profilaktik ishlov berildi.
chorvachilik mahsulotlarining veterinariya-sanitariya ekspertizasi 12 mln dona amalga oshirildi.
bozorlarda realizatsiya qilinadigan 22,5 mln dona o‘simlik mahsulotlarida veterinariya-sanitariya ekspertizasi amalga oshirildi.
Veterinariya va dori vositalarini mahalliylashtirish
a) Veterinariya ilmiy-tadqiqot instituti bazasida 6 turdagi vaksina,
20 turdagi diagnostikum, 10 turdagi davolovchi vosita
b) Xususiy korxonalar tomonidan 48 turdagi dori vositalari,
22 turdagi ozuqabop qo‘shimchalar mahalliylashtirildi.
Infratuzilmani yanada mustahkamlash
13 mln dollar grant mablag‘lari, shundan, 11 ta laboratoriyalarni jihozlash, 180 ta maxsus avtotransportlar, 900 ta kamerali va maishiy sovutgichlar, 500 ta zamonaviy veterinariya xizmati binosi, 1550 ta veterinariya uchastkalari uchun planshetlar, 4 ta hayvonlar karantini uchun fermalar tashkil etildi
Raqamlashtirish ko‘lamini yanada kengaytirish
VETERINARY INFORMATION SYSTEM VIS-SAYYOR laboratoriya tekshiruvlari yagona elektron ma’lumotlar bazasi, VIS-CHEGARA chegara veterinariya nazoratini raqamlashtirish, VIS-MALAKA malaka oshirishni tashkil etish tizimi, VIS-MONITORING respublikada kasalliklarni xaritalash orqali monitoring qilish, tahlil qilish va prognozlash,
VIS-NEFRIT veterinariya dori vositalarini ro‘yxatga olish raqamlashtirildi.
Fan, ta’lim va ishlab chiqarishning integratsiyalashuvi
Sohadagi ilmiy muassasalarda ilmiy darajali xodimlar soni 45 foizga oshirildi 680 nafar veterinariya mutaxassislarning malakasi oshirildi va qayta tayyorlandi, zamonaviy bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘ldi.
Tarmoq va sohada samarali jamoat nazoratini tashkil etish, mavjud muammolar va ularni bartaraf etish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar yuzasidan ommaviy axborot vositalari bilan ochiq-oshkora muloqot tizimini yo‘lga qo‘yish.
Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasi tomonidan
2024 yilda tarmoq va sohada samarali jamoat nazoratini tashkil etish, mavjud muammolar va ularni bartaraf etish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar yuzasidan ommaviy axborot vositalari bilan ochiq-oshkora muloqot tizimini yo‘lga qo‘yish uchun har chorakda tegishli mutasaddi rahbarlar ishtirokida brifing, presskonferensiya, matbuot anjumanlari tashkil etildi.
2026 yilda amalga oshiriladigan vazifalar.
-
Chorvachilikni rivojlantirish uchun xalqaro moliya institutlarining 315 mln dollar, jumladan Osiyo taraqqiyot bankining 63 mln dollar, Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligining 152 mln yevro va Islom taraqqiyot bankining 100 mln dollar mablag‘lari jalb etiladi.
-
Chorvachilik va uning tarmoqlarida umumiy qiymati 5,5 trln so‘mlik 1500 ta loyihalar amalga oshirilib, 400 ming bosh chorva mollari parvarishi yo‘lga qo‘yiladi hamda 25 ming nafardan ortiq doimiy va mavsumiy ish o‘rinlari yaratildi.
-
Mo‘g‘ulistondan kelgusi yilda 100 ming bosh “Bayad” zotli qo‘ylar olib kelinadi.
-
Fransiya tajribasi asosida 167 ta tumanlarda (har birida 4 tadan) 668 ta dehqonchilik fermer xo‘jaliklarida 60 bosh qoramol va 100 bosh qo‘y-echki boqish yo‘lga qo‘yiladi.
Ushbu xo‘jaliklarda qo‘shimcha 14 ming bosh qoramol va 35 ming bosh qo‘y-echkilar parvarishi tashkil etilib, ularda 400 ming tonna sut va 10 ming tonna go‘sht yetishtirishga erishiladi. -
Qoramollar bosh soni 15,1 mln boshga (103%), qo‘y-echkilar 26,3 mln boshga (104%), go‘sht yetishtirish 3,3 mln (105%) tonnaga va sut sog‘ib olish 13,6 mln tonnaga (106%) yetkaziladi.
Asosiy maqsad chorvachilikda barqaror o‘sishni ta’minlash va mahsuldorlikni oshirish orqali tarmoqda yillik 3,8% o‘sishga erishish.
