Sohaviy Atamalar
- Patogenlik – mikroorganizm va viruslarning kasallik qo‘zg‘atish qobiliyati. U mikroorganizm va viruslarning o‘simliklar, hayvonlar, odamlar, umuman tirik mavjudotlar organizmida tekinxo‘rlikka moslashish jarayonida vujudga kelgan murakkab kasallik qo‘zg‘ata olish xususiyatlari majmuasi.
- Immunitet – organizmning unga irsiy yot axborotga ega bo‘lgan infektsion va yuqumsiz moddalardan himoyalanishi, ya’ni kasallikni yuqtirmaslik holati.
- Invazivlik – mikroorganizm va viruslarning tabiiy sharoitda teri, shilliq pardalar orqali organizm to‘qimalariga kirishi, ko‘payishi va makroorganizmning himoya vositalariga qarshilik qilish qobiliyati.
- Toksigenlik – mikroorganizmlardan ajraladigan zaharli modda.
- Ekzotoksinlar – mikroorganizmlarning faoliyati davomida hosil bo‘lgan metabolitlardir.
- Fagotsitoz – maxsus hujayralar-fagotsitlarning tirik mikroorganizmlarni, organizmga yot moddalarni o‘rab olib, yutib yuborishi.
- Spontan infektsiya – tabiiy sharoitda o‘z-o‘zidan yuzaga keladigan infektsion kasallik.
- Moyillik – hayvon organizmining qo‘zg‘atuvchisi bilan kontaktda bo‘lganda kasallanishi.
- Tabiiy rezistentlik – organizmning o‘z biologik xususiyatlariga ko‘ra, infektsiyalarga chidamliligi.
- Immunologik reaktivlik – organizmning infektsion kasallik qo‘zg‘atuvchilariga qarshi immunologik himoya vositalarini ishga solish qobiliyati.
- Interferentsiya – bir virusning 2-virus replikatsiyasini yo‘qotishi.
- Anafilaksiya – organizmga parenteral yo‘l bilan antigen yuborilgan zahoti kelib chiqadigan allergik reaksiyaning bir turi.
- Allergiya – organizm reaktivligi o‘zgarishi bilan bog‘liq holda turli moddalarga sezuvchanlikning oshishi.
- Antitelolar – organizmga antigenlar tushganida qon va to‘qimalarda ularga qarshi paydo bo‘ladigan immun tanachalardir.
