Qo‘mita haqida
Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 28 martdagi «Veterinariya va chorvachilik sohasida davlat boshqaruv tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʼgʼrisida» PF-5696-son Farmoni va «Oʼzbekiston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qoʼmitasi faoliyatini tashkil etish toʼgʼrisida» PQ-4254-son qaroriga muvofiq tashkil etilgan.
Quyidagilar qoʼmitaning asosiy vazifalari sifatida belgilangan:
- veterinariya, chorvachilik va naslchilik sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshirish, normativ-huquqiy hujjatlarni xalqaro standartlarga muvofiqlashtirish, ushbu sohada davlat, xoʼjalik boshqaruvi organlari hamda mahalliy davlat hokimiyati organlarining oʼzaro hamkorligini muvofiqlashtirish, veterinariya faoliyatini litsenziyalashni amalga oshirish;
- veterinariya sohasi va chorvachilikning barcha tarmoqlarini, shu jumladan, qoramolchilik, qoʼychilik, qorakoʼlchilik, echkichilik, yilqichilik, parrandachilik, baliqchilik, asalarichilik va quyonchilikni rivojlantirish, naslchilik-selektsiya ishlarini muvofiqlashtirish hamda ushbu yoʼnalishlar boʼyicha maqsadli davlat dasturlarini ishlab chiqish va amalga oshirish;
- mamlakat hududlarini hayvonlarning yuqumli kasalliklari kirib kelishidan himoya qilishni taʼminlash, amaliyotga hayvonlarni davolashning va profilaktikasining zamonaviy usullarini joriy etish, mahalliy va xorijiy fan yutuqlarini tatbiq etish asosida veterinariya dori vositalarining yangi turlari va shakllarini ishlab chiqarishni tashkil etish;
- epizootik osoyishtalikni taʼminlashda hayvonlarning yuqumli kasalliklarini oʼz vaqtida aniqlash, tashxis qoʼyish va tarqalishining oldini olishga doir profilaktika ishlarining samaradorligini monitoring qilish;
-
chorvachilik va naslchilik sohasini davlat tomonidan qoʼllab-quvvatlashning yagona mexanizmlarini amalga oshirish, chorvachilik xoʼjaliklariga ozuqa yetishtirish uchun ajratilgan yer maydonlarida chorva ozuqa ekinlarini joylashtirishni tashkil etish hamda yuqori hosildorlikka erishishni monitoring qilish;
-
chorvachilik tarmoqlarida hayvonlarni identifikatsiya qilish, ularni hisobga olish, hisobdan chiqarish va saqlash ishlarini tashkil etish, qishloq xoʼjaligi hayvonlarini zoti boʼyicha rayonlashtirish;
-
veterinariya va naslchilik toʼgʼrisidagi qonun hujjatlariga rioya etilishi hamda veterinariya dori vositalari va ozuqabop qoʼshimchalarning sifati va muomalasi yuzasidan davlat nazoratini amalga oshirish;
-
veterinariya va naslchilik-selektsiya sohalarida ilmiy, uslubiy va taʼlim salohiyatini har tomonlama rivojlantirish, ilmiy tadqiqotlar yoʼnalishlarini belgilash, fundamental va amaliy tadqiqotlar, innovatsiya ishlanmalari natijalari veterinariya va naslchilik-selektsiya amaliyotiga joriy etilishini muvofiqlashtirish;
-
chorvachilik mahsulotlarini xalqaro talablarga muvofiq sertifikatlashtirish va standartlashtirishni taʼminlash, sifat menejmentining zamonaviy usullarini keng joriy etish, veterinariya va chorvachilik sohalariga xorijiy investitsiyalar va grant mablagʼlarini jalb qilish;
-
soha kadrlarini tizimli tayyorlash, ularning malakasini oshirish va qayta tayyorlashni tashkil etish, rahbar hamda mutaxassislarning ish uslubi va shakllarini takomillashtirish.
