Oʻzbek tili bayrami kuni munosabati bilan tabrik
2025-10-21 14:00:00 / Yangiliklar

Aziz yurtdoshlar, qadrli veterinariya va chorvachilik sohasi xodimlari!
Barchangizni milliy bayramlarimizdan biri boʻlgan - Oʻzbek tili bayrami, oʻzbek tiliga davlat tili maqomi berilganligining 36 yilligi munosabati bilan samimiy muborakbod etaman.
Bugungi bayram xalqimizning milliy mustaqilligi timsoli, ajdodlarimiz orzusining roʻyobi, mamlakatimizda yashayotgan turli millat va elatlarning yakdilligi tantanasi boʻlib, keng miqyosda nishonlanmoqda.
Soʻnggi yillarda oʻzbek tiliga eʼtibor davlat siyosati darajasida ahamiyat berilib, ona tilimizning nufuzini oshirish boʻyicha koʻplab amaliy ishlar qilinmoqda. Davlat tili maqomi berilgan boshqa tillar singari oʻzbek tilimizning jahon hamjamiyatida oʻz oʻrni va mavqesi bor. Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 75-80-sessiyalarida so‘zlangan ona tilimiz davlatimizning rivojlangan mamlakatlaridan kam emasligini yana bir bor isbotladi. Shu tilda soʻzlayotganlar soni 50 milliondan ortiqligi bilan dunyo boʻyicha 27-oʻrinda turishi, 6 ta barqaror turkiy tillardan biri hisoblanishi biz uchun sharafdir. Mamlakatimizda barcha yozishmalar oʻz tilimizda, yaʼni davlat tilida amalga oshirilmoqda. Sohalar boʻyicha yangi atamalarning tilimizdagi muqobillari bilan almashtirilmoqda.
Ajdodlarimiz tomonidan bizgacha saqlanib, sayqallanib kelayotgan ona tilimizni kelajak avlodlarga sof holda yetkazish, shu tilda asarlar va ilmiy kashfiyotlar yaratish, xalqaro miqyosda ham muloqot vositasiga aylanishini taʼminlash oʻzini vatanparvar hisoblaydigan har bir kishining muqaddas burchi hisoblanadi. Zero, ona tili – millatning ruhi demak. Til — davlat timsoli, mulki. Tilni asrash, rivojlantirish, boyitish milliy yuksalishdir.
Yangi Oʻzbekistonni barpo etishda ona tiliga eʼtiborni har bir inson o‘zidan boshlamog‘i zarur.
Qadrli hamkasblar, sizlarni bugungi bayram bilan yana bir bor qutlagan holda, sogʻlik, omonlik, rizqi farovonlik tilayman.
Ona tilimiz mangu yashasin!
BAХROMJON NORQOBILOV,
Veterinariya va chorvachilik qoʻmitasi raisi
