Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasi raisi Bahrom Norqobilovning mustaqilligimizning 34 yillik shodiyonasi munosabati bilan bayram tabrigi
2025-08-30 09:15:00 / Yangiliklar

Hurmatli hamkasblar, soha fidoyilari!
Yurtimizning ulug‘ tantanasi – Istiqlolning 34 yillik bayrami ayni damlarda mamlakatimiz bo‘ylab keng nishonlanmoqda. Har bir yurtdoshimizning ko‘nglida bayram shukuhi bilan birga bugungi tinch, osuda va farovon hayotimizga shukronalik tuyg‘usi kezmoqda.
Albatta, ana shunday farovon hayot negizida mamlakatimizda barcha sohalar qatori veterinariya va chorvachilik tarmoqlarida ham olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlar natijasi mujassam.
Davlatimiz rahbari boshlagan mazkur islohotlar mamlakatimiz taraqqiyoti, xalqimiz farovonligi, shu bilan birga hamyurtlarimizni sifatli oziq-ovqat mahsulotlari bilan taʼminlash hamda chorvachilik tarmoqlarini yana-da rivojlantirishga xizmat qilmoqda.
Ana shunday yangilanishlar, o‘zgarishlar zamiridagi siz – soha zahmatkashlarining xizmatini qayd etish o‘rinli.
Qadrli hamkasblar!
Respublikamizda epizootik barqarorlik va oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligini taʼminlash, zotdor chorva mollari bosh sonini ko‘paytirishda olib borayotgan mehnatlaringiz tahsinga sazovor.
Fursatdan foydalanib, sizlarni, jumladan yurtimizda faoliyat olib borayotgan barcha veterinar va chorvadorlarni mustaqilligimizning 34 yillik shodiyonasi bilan samimiy muborakbod etaman.
Sizlarga sog‘lik-salomatlik, baxtu-saodat, xonadoningizga fayzu baraka va ishingizda muvaffaqiyatlar tilayman.
