VATAN – MEHR, QO‘RG‘ONI – HURRIYAT
2025-08-22 10:00:00 / Ma'naviyat va ma'rifat

1991 yil 31 avgust kuni xalq o‘z Vatani, taqdiri va kelajagiga o‘zi egalik qilish huquqini qo‘lga kiritgan. Dunyo xaritasida O‘zbekiston Respublikasi – yangi suveren va mustaqil davlat paydo bo‘lgan. Shundan boshlab yurtimizda bu sana eng aziz bayramimiz bo‘lib qolgan.
Istiqlolimizning har tomonlama ulkan ahamiyatini hisobga olib, xalqimiz keng va ko‘tarinki ruhda nishonlashi uchun har yili hurmatli Yurtboshimizning maxsus qarori qabul qilinishi an’anaga aylangan. Bu yil ham qarorga ko‘ra, ushbu tantanalar “Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun!” degan ezgu g‘oyani o‘zida mujassam etadi.
2025-yil 22-avgust kuni Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasida ham mazkur shior ostida mustaqilligimizning 34 yilligi munosabati bilan “Vatan – mehr, qo‘rg‘oni – hurriyat” mavzusida ma’rifiy tadbir tashkil etildi. Unda “Ma’rifat” targ‘ibotchilar jamiyati a’zosi, Xalq deputatlari Toshkent shahar kengashining a’zosi, xalqaro doiradagi spiker, “Mehnat shuhrati” ordeni hamda “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi” faxriy unvoni sohibasi, falsafa fanlari doktori Jamila Shermuxamedova ishtirok etdi.
Tadbirda mamlakatimiz istiqlolga oson erishmagani, buning uchun qanchadan-qancha mard, jasur, ziyoli ajdodlarimizning qoni, joni fido bo‘lgani, xalqimiz ko‘rgan ko‘plab zulm, sitam, tuhmatlar, “paxta ishi”, “apelsin ishi” kabi uyushtirilgan bo‘htonlar haqida gapirildi. Har bir inson o‘zi tug‘ilib o‘sgan go‘sha – Vataniga mehr tuyib yashaydi. Ana shu go‘shani, erkinlikni e’zozlab, avaylash hurriyat ekanligi tushuntirildi.
Vatan, millat, xalq, hurriyat, erkinlik, ozodlik, obodlik, farovonlik, Yangi O‘zbekiston tushunchalariga alohida sharh berildi.






