Import qilinayotgan mayda shoxli mollar uchun talablar
2025-07-23 15:05:00 / Yangiliklar

Davlatimiz rahbarining shu yil 17 iyul kuni qabul qilingan “Mo‘g‘ulistonga oliy darajadagi tashrif davomida qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat sohalarida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qarori ijrosiga muvofiq Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasi Ishchi guruhi Mo‘g‘ulistondan keltirilayotgan mayda shoxli mollarning umumiy xarakteristkasi va import uchun qo‘yiladigan talablarni ishlab chiqdi.
Import jarayonida tadbirkorlar ushbu tavsiya va talablarga qatʼiy amal qilishi lozim.
Bayat zotli qo‘ylar quyidagicha tavsiflanadi: Mo‘g‘ulistonning sharqiy va markaziy hududlarida yaratilgan va parvarish qilinadi. Go‘sht va yog‘ yetishtirish maqsadida boqiladi. Jun qoplamasi qalin va zich, dumbasi yog‘li. Qo‘chqorlarning bo‘yi 78–80 sm, qo‘ylarniki 70–73 sm ni tashkil etadi. Tanasi uzun, yaxshi rivojlangan. Qo‘chqorlarining tirik vazni 70–75 kg, sovliqlariniki 52–54 kg, 1,5 yoshli qo‘ylariniki 47–49 kg ga yetadi. Baquvvat tana tuzilishiga ega, oyoqlari qisqa va mustahkam, rangi qizil, kulrang, oq va qora-oq, qo‘chqorlari shoxli, qo‘ylarining 60 foizi shoxsiz bo‘ladi. Sovuq, issiq va cho‘l sharoitlariga mos, iqlimga moslashuvchan, hosildorligi past yaylovlarda ham yashovchanligi yuqoriligi bilan ahamiyatli. Yiliga bir marta bolalaydi. Go‘shtining sifati yaxshi va yog‘li, junini sanoatda ishlatsa bo‘ladi.
Vazirlar Mahkamasining 2014 yil 8 sentyabrdagi qarori bilan tasdiqlangan “Naslli mahsulotni (materialni) eksport va import qilish tartibi to‘g‘risida” gi nizom talablariga ko‘ra, import jarayonida mustahkam konstitutsiyali, jun qoplamasi qalin, sovuq va issiq iqlimga moslashuvchan, yoshi o‘ttiz oylikkacha bo‘lgan qo‘y va echkilar tanlanadi.
Qo‘chqor va takalarining yoshi o‘ttiz olti oygacha bo‘lishi, podani to‘ldiruvchi yosh qo‘chqor va takalarining yoshi o‘ttiz oylikkacha bo‘lishi lozim.
Ushbu talablar Mo‘g‘ulistondan import qilinadigan yuz ming bosh mayda shoxli mollar olib kelingunga qadar amalda bo‘ladi.
Veterinariya va chorvachilikni
rivojlantirish qo‘mitasi
Axborot xizmati
