OILALARDA RADIKALIZM XATARI
2025-07-16 09:05:00 / Ma'naviyat va ma'rifat

Joriy yilning 11-iyul kuni Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasi markaziy apparati xodimlari uchun “Oilalarda radikalizm xatari” mavzusida navbatdagi “Kasbiy-ma’rifat soati” o‘tkazildi. Unda “Mehnat shuhrati” ordeni, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi, professor Jamila Shermuxamedova o‘z ma’ruzasi bilan ishtirok etdi.
Oila jamiyatning muqaddas maskani, eng asosiy tarbiya makonidir. Shuningdek, oila milliy qadriyatlar maskani hisoblanadi. Oiladagi ota ibrati, ona mehri, bobo va buvilar o‘gitlari orqali milliy qadriyatlarimizga bo‘lgan imon-e’tiqod, halollik, mehr-oqibat avloddan avlodga o‘tadi, farzandlarimiz ongi va qalbida muhrlanib boradi.
Yaqinda ommaviy axborot vositalari, ijtimoiy tarmoqlarda katta shov-shuvga sabab bo‘lgan mamlakatimizda yashirin ravishda tashkil etilgan hujralarda diniy ta’lim berayotganlar qo‘lga olindi. Huquq-tartibot idoralarining o‘tkazgan tezkor tadbirida poytaxtimizda 3 nafar fuqaro o‘z xonadonlarida “hujra”lar tashkil etib, 32 nafar bolaga diniy saboq berayotgani aniqlangan. Noqonuniy o‘qitish vaqtida bolalar shavqatsizlarcha kaltaklanib, muntazam ravishda och qoldirish orqali jazolangan. Hujralar tashkil etilgan xonadonlar ko‘zdan kechirilganda, u yerdan yog‘och kaltak, pichoq, pnevmotik qurol topilgan. Shuningdek, hujralar egalarining qo‘l telefonlarida diniy ekstremistik oqimlar va terrorchi tashkilotlarning g‘oyaviy rahbarlarining jihodga chorlovchi audio, videomateriallari borligi aniqlangan.
Taniqli jamoatchilik faolining aytishicha, ayrim oilalar o‘z farzandlarini o‘z qo‘llari bilan radikal oqimga mansub ekstremistlar qaramog‘iga topshirib qo‘yganlar. Kaltaklaru qiynoqlar, yot g‘oyalar ostida tarbiyalangan chorasiz bolalar kelajakda kim bo‘lishini tasavvur qilish qiyinligini uqtirdi.
Tadbirda oilalarda tinchlik va farovonlikni ta’minlashda erkak - otaning rolini kuchaytirish, oila a’zolariga nisbatan mehrli, oqibatli, e’tiborli bo‘lish, turli xavf-xatarlardan ogoh bo‘lish kerakligi ta’kidlab o‘tildi.




