Yaylovlar samaradorligini oshirishda yangi tizim mavjud muammolar yechimida qanday rol o‘ynamoqda?
2025-06-26 14:05:00 / Rahbariyatning bayonotlari va nutqlari

Farmon va ijro
Yaylovlar samaradorligini oshirishda yangi tizim
mavjud muammolar yechimida qanday rol o‘ynamoqda?
Chorvachilik rivojini yaylovlarsiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. Dono xalqimiz topib aytganidek, “Bedov boylovda semirar, qo‘y-qo‘zi — yaylovda”. Ammo keyingi paytda chorva mollarining asosiy ozuqa manbasi bo‘lgan yaylovlardan foydalanish muammoli masalaga aylanib qolgan edi. Ana shunday paytda davlatimiz rahbarining shu yil 30 yanvarda “Yaylovlarni muhofaza qilish va ulardan oqilona foydalanishning zamonaviy mexanizmlarini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni qabul qilingani chorvadorlar qalbida umid uyg‘otdi. Negaki, mazkur hujjat asosida yaylovlar samaradorligini oshirish va foydalanishda yangi tizim yaratish vazifasi yuklatildi.
Xo‘sh, amaliyotga joriy etilayotgan yangiliklar sohadagi mavjud muammolar yechimida qanday rol o‘ynamoqda? Shu kabi masalalarga oydinlik kiritish maqsadida “Xalq so‘zi” gazetasi muxbiri Said Rahmon Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Faxriddin BOBOYEV bilan suhbatda bo‘ldi.
— Maʼlumki, Ipakchilik va jun sanoatini rivojlantirish qo‘mitasi tugatilib, uning yaylovlarni boshqarishga oid vazifa va funksiyalari Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasiga o‘tkazildi. Faxriddin Atoyevich, ayting-chi, mamlakatimizdagi mavjud yaylovlarning asl holati qanday? Keling, suhbatimiz avvalida shunga oydinlik kirib olsak.
— Bugungi kunda O‘zbekistondagi yaylovlarning umumiy maydoni 20 million gektardan ortiqni tashkil qiladi. Ammo ularning ko‘p qismi degradatsiyaga uchragan. Sodda qilib aytganda, tuproq sho‘rlangan, o‘simliklar kamaygan, eng achinarlisi, yashil qoplamalar butunlay yo‘qolgan hududlar ham, afsuski, yo‘q emas. Buning asosiy uchta sababini keltirish mumkin.
Birinchidan, ortiqcha chorva boqish (ortiqcha yuklama):
2022 yil boshida O‘zbekistonda qo‘y va echkilar soni 23 milliondan, qoramollar soni esa 13 milliondan oshgan. Bu yaylovlar imkoniyatlaridan ikki barobar ko‘p bo‘lib, o‘simlik qoplamlarining yo‘qolishiga va yaylovlarning samaradorligining pasayishiga olib kelgan .
Ikkinchidan, iqlim o‘zgarishi va qurg‘oqchilik:
Qurg‘oq yillarda yaylovlarning hosildorligi 2-3 barobarga kamayishi mumkin, bu esa chorva uchun ozuqa yetishmasligiga olib keladi .
Uchinchidan, noto‘g‘ri boshqaruv va monitoring yetishmasligi:
Yaylovlarning holatini baholash va ularni samarali boshqarish bo‘yicha yetarli maʼlumot va tizimli yondashuv yetishmayapti. Bu esa degradatsiya jarayonlarini kuzatish va oldini olishda qiyinchiliklar tug‘diradi.
Shuningdek, xalqaro va mintaqaviy manbalarga qarasak yaylovlar degradatsiyasi bu global ko‘lamdagi muammodir:
• BMTning Qumga qarshi kurash konvensiyasi (UNCCD) maʼlumotlariga ko‘ra, dunyodagi tabiiy yaylovlarning yarmi degradatsiyaga uchragan, bu oziq-ovqat taʼminoti va insonlar turmush tarziga tahdid solmoqda. Bu degradatsiyaning asosiy sabablari orasida ortiqcha chorva boqish va iqlim o‘zgarishi kabi omillar bor;
• Markaziy Osiyo, Xitoy va Mo‘g‘uliston kabi mintaqalarda qishloq xo‘jaligining industrializatsiyasi anʼanaviy chorvachilikni siqib chiqarib, yaylov resurslariga bosimni oshirmoqda;
• Markaziy Osiyodagi yaylovlarning 23.08% degradatsiyaga uchragan, asosiy sabablar orasida iqlim o‘zgarishi va inson faoliyati bor.
Shu bois Prezidentimizning tashabbusi bilan yaylovlarni muhofaza qilish, ulardan samarali va oqilona foydalanishni tashkil etish, yaylov xo‘jaligini rivojlantirishni yangi bosqichga olib chiqish maqsadida sohada boshqaruvning ixcham va samarali tizimi joriy etildi. Eng asosiysi, chorvachilik xo‘jaliklarining yer uchastkalariga bo‘lgan huquqlari eʼtirof etila boshlandi. O‘ylaymanki, bu chorvachilikni rivojlantirish, chorvador xalqimizni qo‘llab-quvvatlashda katta rag‘bat bo‘ldi.
Yana bir yangilik, yuqorida nomi aytilgan Farmonga ko‘ra, Yaylov yerlaridan samarali foydalanishni tashkil etish va ularni muhofaza qilish, qorako‘lchilik, teri va jun sanoati sohalarini yana-da rivojlantirish bo‘yicha respublika komissiyasi tashkil etildi. Endilikda mazkur komissiyasining qaroriga asosan yaylovlar chorvachilik va boshqa xo‘jaliklarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ijaraga beriladi. Bunda talabgor mazkur Farmon kuchga kirgan sanada yoki 2020 yil 1 sentyabr holatida tegishli yaylov yeriga nisbatan ijara, doimiy foydalanish yoki doimiy egalik qilish huquqiga ega bo‘lishi lozim. Shuningdek, talabgor tegishli yaylovdan uzoq yillar samarali va oqilona foydalangan bo‘lishi, bu, o‘z navbatida, joyiga chiqqan holda tuziladigan dalolatnoma bilan tasdiqlanishi kerak bo‘ladi.
— Sir emas, bir necha yildirki, yaylovlar ijarasi bahs-munozaralar markazidagi mavzuga aylangan. Ayniqsa, ikkilamchi ijaraga berish jarayonida ochiqlik va shaffoflik tamoyillari yetarli darajada taʼminlanmagani tufayli aholi va chorvadorlarda tizimga nisbatan ishonchsizlik kayfiyati paydo bo‘lgan. Qo‘mita tomonidan ijara munosabatlarini tartibga solish yo‘lida qanday amaliy ishlarga kirishildi?
— Ochig‘i, shu paytgacha yaylovlar klasterlar tomonidan ikkilamchi ijaraga berilib, ijara narxlarining sunʼiy ravishda oshirib yuborilishi, narxlarning nomutanosib taqsimlanishi holatlari ko‘p uchragan. Bu esa haqli eʼtirozlar, ko‘p noroziliklarga sabab bo‘ldi. Shuning uchun endilikda ikkilamchi ijaraga berish amaliyotidan voz kechildi. Qo‘mitamiz tomonidan auksion savdolari orqali ijaraga berish tartib-taomillari ishlab chiqilib, to‘g‘ridan-to‘g‘ri auksion savdolari orqali ijaraga berish amaliyoti joriy qilindi.
Ijara munosabatlarini tartibga solish, ochiqlik va shaffoflikni taʼminlash maqsadida yaylov yer maydonlarining elektron onlayn auksion orqali ijaraga berishning maʼmuriy reglamenti ishlab chiqildi. 2025 – 2027 yillarda yaylov yerlarini degradatsiyadan chiqarish va ulardan barqaror foydalanishni taʼminlash bo‘yicha milliy dastur qabul qilindi. Bundan tashqari, qo‘mita huzurida Yaylov xo‘jaliklarini rivojlantirish boshqarmasi va hududiy yaylov xo‘jaliklari boshqarmalari tashkil etildi hamda ularning Nizomlari tasdiqlandi.
Yana bir alohida eʼtibor qaratish zarur bo‘lgan yangilik shuki, 2025 – 2027 yillarda bosqichma-bosqich geobotanik tadqiqotlarni o‘tkazish hamda yaylovlarning elektron xaritalarini ishlab chiqish jarayonlari boshlab yuborildi. Bular tez orada o‘z samaralarini berishi, sohadagi munosabatlar o‘z iziga tushib ketishiga xizmat qilishi muqarrar.
— Milliy qonunchiligimizda yaylovlar umummilliy boylik ekanligi, davlat tomonidan muhofaza qilinishi belgilab qo‘yilgan. Ammo ushbu norma ijrosi amalda yetarli darajada taʼminlanmayapti chog‘i, chorvadorlar yaylovlarga faqat pichan o‘rish, chorva boqish maydoni sifatida qarashsa, masʼullar uchun daromad manbaiga aylanib qolgandek, nazarimizda...
— Yaylovlardan ratsional foydalanish, mahsuldorligini saqlab qolishda chorvani mavsumiy o‘tlatishni yo‘lga qo‘yish muhim ahamiyatga ega. Afsuski, bunga har doim amal qilinmagani oqibatida yaylovlar sohadagi eng og‘riqli masalalardan biriga aylandi. Shu bois har bir xo‘jalikda chorva mollarining bosh soniga muvofiq, yaylovlardan turli mavsumlarda foydalanish rejasini tuzish talab qilinadi. Bunda mavsumlarning davomiyligini ham hisobga olish lozim. Masalan, cho‘l yaylovlari sharoitida bahor mavsumi ikki davrga bo‘linib, 16 fevraldan 15 maygacha davom etadi. Eng uzun davr bo‘lgan yoz mavsumi 16 maydan 30 sentyabrgacha cho‘ziladi. Bu 138 kun, deganidir. Kuz mavsumi 1 oktyabrdan, qish mavsumi esa 21 dekabrdan boshlanadi.
Yaylov maydonlari yil mavsumlarining davomiyligi, chorva bosh soni va ularning ozuqaga bo‘lgan sutkalik talabini hisobga olgan holda aniqlanadi. Mamlakatimiz yaylov mintaqasi tabiiy sharoitlari uning dengiz sathidan turli balandliklarda joylashganligi tufayli o‘zining fizik-geografik va yaylov-ozuqa sharoitlari jihatidan turli-tuman. Cho‘l, adir, tog‘liklar va yaylov mintaqalariga ajratiladi.
Tekisliklarda joylashgan yaylovlar cho‘l mintaqasi deb ataladi va umumiy maydonning 78,1 foiziga teng. Shuningdek, adirlar 15,2, tog‘liklar 4,5 va yaylov mintaqasi 2,6 foizini tashkil qiladi. Cho‘l mintaqasida sug‘oriladigan dehqonchilik va yaylov chorvachiligi, xususan, qorako‘lchilik rivojlangan hudud hisoblanadi. Bu mintaqada yillik yog‘ingarchilik miqdori 100-250 mmgacha yetadi. Chorva mollarining turiga qarab ularning ozuqaga bo‘lgan yillik talabini bilish, yaylov hosildorligini aniqlash orqali esa har qanday fermer xo‘jaligi uchun zarur bo‘lgan yaylov maydonlarini hisoblab chiqish mumkin.
— Sizningcha, yaylov infratuzilmasi obyektlarini rivojlantirish, o‘simlik qoplamini tiklash, tanazzulga uchrashining oldini olishga doir chora-tadbirlar yetarli darajada ko‘rilyaptimi? Bugungi kunda sohaga qanday yangi va zamonaviy mexanizmlar joriy etilyapti?
— To‘g‘ri, bu borada hali qilinishi kerak bo‘lgan ishlarimiz ko‘p. Bugun boshlagan tadbirlar samarasi ko‘zga tashlanishi uchun ham muayyan vaqt talab etiladi, albatta. Ammo biz buni kutib o‘tirsak, kutilgan natijalarga erishmasligimiz mumkin. Shu bois yaylovlarni boshqarishga oid vazifa va funksiyalar Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasiga berilgach, ushbu yo‘nalishda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan tezkor chora-tadbirlar ishlab chiqildi. Unda degradatsiyaga uchragan yaylovlarni tiklash birlamchi vazifa etib belgilandi. Buning doirasida eroziya va sho‘rlanishga qarshi choralar ko‘rish, hududlar tuproq-iqlim sharoitiga mos keladigan mahalliy va ekologik o‘simlik turlarini qayta tiklash (reseyedinga qilish), melioratsiya ishlarini tashkil etish saʼy-harakatlari olib borilyapti.
Keyingi muhim yo‘nalish yaylovlardan samarali foydalanish tizimini joriy etish bo‘lib, bunda yaylovlarni navbatma-navbat foydalanish (rotatsiya) tizimini joriy etish, GPS va sputnik kuzatuvlari orqali monitoring qilish, yaylovlarni raqamlashtirish va kadastrini yaratish masalalariga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Tezkor chora-tadbirlarga kiritilgan yana bir dolzarb masala chorva soni va naslini muvofiqlashtirishdir. Unga ko‘ra, yaylov imkoniyatidan kelib chiqqan holda, chorva sonini belgilash, sut va go‘sht beradigan yuqori mahsuldor zotlarni ko‘paytirish, ularning ozuqa bazasini kengaytirish va qo‘shimcha manbalar yaratish borasida izlanyapmiz, xorij tajribalarini o‘rganyapmiz. Bu ishlar shunchaki qilinayotgani yo‘q, albatta. Har bir ishda ilm-fan yutuqlariga tayanilmoqda.
Gap shundaki, yaylovlardan oqilona foydalanish, degradatsiya va cho‘llanishning oldini olish, yaylovlar hosildorligini oshirishning ilmiy asoslarini ishlab chiqish, cho‘l ozuqabop o‘simlik turlari mahalliy navlarini yaratish hamda yetishtirishning agrotexnikasi, urug‘chiligi rivojlantirish yo‘nalishlarida tadqiqotlar kengaytirilyapti. Ulardan olingan ilmiy natijalar amaliyotga keng joriy qilinadi.
O‘z navbatida, hukumat va xalqaro tashkilotlar tomonidan ham bir qator chora-tadbirlar ko‘rilmoqda:
• yaylovlarni muhofaza qilish strategiyasi: 2024 yilda O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi yaylovlar va ulardagi yer osti suvlarini muhofaza qilish hamda yaylov degradatsiyasiga qarshi kurashish chora-tadbirlari to‘g‘risida qaror qabul qildi. Bu qaror yaylovlarning holatini yaxshilash va ularni barqaror boshqarishni maqsad qilgan ;
• xalqaro moliya institutlari bilan hamkorlik: Yaylovlarning degradatsiyasiga qarshi kurashishda xalqaro moliya institutlari va “yashil” grant mablag‘larini jalb qilish choralari ko‘rilmoqda;
• yaylovlarni xatlovdan o‘tkazish va raqamli xaritalar yaratish: 2024-2028 yillarda mavjud yaylovlarni bosqichma-bosqich to‘liq xatlovdan o‘tkazish va ularning elektron xaritalarini ishlab chiqish rejalashtirilgan .
— Qimmatli ozuqabop o‘simlik turlarini ko‘paytirish, o‘tloqlar tanazzulga uchrashining oldini olishda qo‘mita tasarrufiga o‘tkazildi Qorako‘lchilik va cho‘l ekologiyasi ilmiy-tadqiqot instituti hamda Buxoro cho‘l-yaylov ozuqabop o‘simliklar urug‘chiligi ilmiy-ishlab chiqarish markazi qanday rol o‘ynaydi?
— Mazkur ilmiy va ishlab chiqarish muassasalarning qo‘mitamiz tasarrufiga o‘tkazilishi yaylovlar o‘simlik dunyosini boyitish va muhofazasini kuchaytirish borasidagi maqsadli kuchlarni birlashtirish imkonini berdi. Chunki Qorako‘lchilik va cho‘l ekologiyasi ilmiy-tadqiqot instituti o‘z faoliyati doirasida respublikada qorako‘lchilikning jadal rivojlanishini taʼminlash barobarida, cho‘l ozuqabop o‘simliklari introduksiyasi, seleksiyasi, urug‘chiligi, urug‘shunosligi va cho‘l yaylovlari mahsuldorligini oshirish, ulardan ratsional foydalanishning ilmiy-amaliy asoslarini takomillashtirish yuzasidan ilmiy tadqiqotlar olib borish bilan shug‘ullanadi. Buxoro cho‘l-yaylov ozuqabop o‘simliklar urug‘chiligi ilmiy-ishlab chiqarish markazi esa mazkur institutda yaratilgan cho‘l ozuqabop o‘simliklar urug‘larini katta maydonlarga ekish, madaniy yaylovlar maydonlarini kengaytirish hamda qorako‘lchilik subyektlari uchun cho‘l ozuqabop o‘simliklar urug‘larini yetishtirib berish kabi tadbirlarni amalga oshiradi. Ayni paytda hamkorlikda yaylovlarni tiklash, ularning samaradorligini oshirish maqsadida izen, teresken, quyrovuq, kamforosma, cho‘g‘on, erkak o‘t, oq (qora) saksovul singari qimmatli ozuqabop o‘simlik turlari ekishni tashkil qilish ustida ish olib boryapmiz.
— Qo‘mita zimmasiga tegishli vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda 2025 yilning oxiriga qadar yaylov yerlarini xatlovdan o‘tkazish, ularning amaldagi va davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan maydoni o‘zaro muvofiq bo‘lishini taʼminlash vazifasi ham yuklatilgan. Ayni paytda xatlovdan ishlari qaysi bosqichda hamda bu jarayonda qanday qonunbuzilish holatlari aniqlandi?
— Bu borada qo‘mita tomonidan Respublika aerogeodeziya markazi va tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda yaylov yer maydonlarini xatlovdan o‘tkazish ishlari boshlab yuborilgan. Bugungi kunda hududiy yaylov xo‘jaliklariga doimiy foydalanish huquqi asosida berilgan 15 824,6 ming gektar yaylovlarning 8 180 ming gektarida deshifrovka va xatlov ishlari amalga oshirilib, 6 582 ming gektar yaylovlarning chegaralarini joylashtirish hamda 5 571 ming gektar yaylovlarning elektron xaritalarini yaratish ishlari bajarildi.
Ushbu ishlar joriy yil oxiriga qadar sifatli yakunlanib, yaylov yerlari to‘liq xatlanadi hamda ularning amaldagi va davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan maydoni o‘zaro muvofiq bo‘lishi taʼminlanadi.
O‘zbekistonda yaylovlarning degradatsiyasi bo‘yicha olib borilgan mahalliy tadqiqotlar va misollar mavjud. Quyida ularning ayrimlarini keltiraman:
Jizzax viloyatining Farish tumanida o‘tkazilgan tadqiqotlarda Capparis spinosa L. (kapers) ishtirokidagi beshta o‘simlik assotsiatsiyasining hozirgi fitosenotik holati baholangan. Tadqiqot natijalariga ko‘ra, Capparis spinosa yosh populyatsiyalari uchramasligi kuchli antropogen bosim natijasi ekanligi isbotlangan. Shuningdek, jamoalar tarkibida chorva mollari isteʼmol qilmaydigan adventiv turlarning ko‘payotganligi qayd etilgan. Capparis spinosa istiqbolli o‘simlik bo‘lganligi tufayli uning respublikamizda tarqalishini va tabiiy zahirasini o‘rganib, muhofaza chora-tadbirlarini qo‘llash zarurligi ko‘rsatilgan.
Navoiy viloyatidagi Qizilqum cho‘li hududida o‘tkazilgan tadqiqotlarda yaylovlarning degradatsiyasiga asosiy sabab sifatida suv tanqisligi va iqlim o‘zgarishi ko‘rsatilgan. Tadqiqotchilar yaylovlarning tiklanishi uchun sunʼiy sug‘orish tizimlarini joriy etish va qurg‘oqchilikka chidamli o‘simlik turlarini ekishni tavsiya qilganlar.
Xulosa va tavsiyalar
O‘zbekistonda yaylovlarning degradatsiyasini oldini olish va ularni tiklash uchun quyidagi chora-tadbirlarni amalga oshirish tavsiya etiladi:
• Yaylovlarning samarali boshqarilishi: Chorva sonini yaylov imkoniyatlariga mos ravishda belgilash va yaylovlarga davriy dam berishni taʼminlash.
• Tiklash ishlari: Qurg‘oqchilikka chidamli o‘simlik turlarini ekish va sunʼiy sug‘orish tizimlarini joriy etish.
• Iqlim o‘zgarishiga moslashish: Iqlim o‘zgarishiga moslashuv strategiyalarini ishlab chiqish va amalga oshirish.
• Tadqiqotlar va monitoring: Yaylovlarning holatini doimiy ravishda kuzatib borish va tadqiqotlar olib borish.
Xulosa shuki, yaylovlar — bu tabiiy boylik, lekin barqaror rivojlanishi va kelgusi avlodlarga qolishi uchun ilmiy, iqtisodiy va ekologik yondashuv talab etiladi. Binobarin, degradatsiyaga qarshi kurash, oqilona foydalanish va chorva naslini yaxshilash O‘zbekiston qishloq xo‘jaligining barqaror rivojlanishida hal qiluvchi ahamiyatga egadir.
“Xalq so‘zi” gazetasining
07.06.2025 yildagi 115-soni
