Oila ma’naviyati
2025-05-13 10:10:00 / Ma'naviyat va ma'rifat

Shaxs ma’naviyati o‘z-o‘zidan rivojlanavermaydi. U eng avvalo davlatning ta’lim va tarbiyaga beradigan e’tibori bilan bog‘liq bo‘ladi. Agar davlat shaxs ma’naviyatini rivojlantirishni siyosatning ustuvor vazifasi sifatida qaraydigan bo‘lsa, uni rivojlantirishdagi omil va vositalaridan samarali foydalanishga yetarli e’tibor qaratadigan bo‘lsagina bu murakkab vazifani hal etish mumkin bo‘ladi. Agar unga aksicha munosabat bo‘ladigan bo‘lsa, jamiyatda ma’naviyati qashshoq odamlar soni ortib boradi.
Shaxs ma’naviyatini yuksaltirish eng avvalo har bir shaxsning yuksak kamolotga erishishi, uning o‘zligini anglashi, “men”ligini qaror toptirish bir so‘z bilan aytganda chinakam insonlik maqomi bilan yashashiga imkon beradi. Ma’naviy qashshoq shaxs ana shunday boyliklardan mahrum bo‘ladi. Bundan ko‘rinib turibdiki, yuksak ma’naviyatga erishish har bir shaxsning hayotiy zarurati hisoblanadi.
Shaxs ma’naviyatini yuksaltirishdan har bir davlat ham manfaatdordir. Chunki, ma’naviyati yuksak shaxslar davlat hududida yashayotgan aholining aksariyat ko‘pchiligini tashkil qilgan sharoitdagina tinchlik, mehr, muhabbat, fuqarolar va millatlar o‘rtasida hamkorlik, jipslik kabi fazilatlar mustahkam bo‘ladi va davlat barqaror rivojlanib boradi. Ana shu ikkala hayotiy zaruriyat shaxs ma’naviyatini rivojlantirishning omil va vositalaridan samarali foydalanishni taqozo etadi.
Shaxs ma’naviyatini rivojlantirishning omillari va vositalari ko‘p. Shulardan biri farzandning ota-onaga va ota-onaning farzandga bo‘lgan munosabati masalasidir.
O‘zbek xalqining eng qadimiy davrlaridan boshlab hozirga qadar davom etib kelayotgan, o‘z ahamiyatini hech qachon yo‘qotmaydigan ajoyib qadriyatlaridan biri ota-onani farzandlar tomonidan yuksak darajada e’zozlash, izzat-ikromini, hurmatini joyiga qo‘yishdan iboratdir. Farzand uchun dunyoda ota-onadan ko‘ra mehribon, aziz va mo‘tabar zot yo‘q. Ota-ona farzandlarning suyanchig‘i, bitmas-tuganmas boyligidir.
Kattalarga izzat-ikrom, kichiklarga mehr-shafqat, ota-onalarga e’zoz, farzandlarga mehr-muhabbat kabi insonni inson sifatida ulug‘laydigan, axloqiy, ma’naviy jihatdan go‘zal va barkamol qilidagan qadriyatlarimiz odamlar, ayniqsa yoshlar qalbidan o‘rin ola boshlagani quvonchli bir holdir.
O‘zbekiston Respublikasining Asosiy qonuni – Konstitutsiyasida farzandlarning jamiyat, oila, ota-onalari oldidagi insoniy burchlari va mas’uliyatlari nimalardan iboratligi milliy qadriyatlarimizdagi asosiy g‘oya va qoidalarga asoslanib belgilab berilgan. Qomusimizning 14-bobi to‘liq oila masalalariga bag‘ishlangan bo‘lib, 76, 77, 78, 79, 80-moddalarida ota-onalar, farzandlarning huquq va majburiyatlari to‘liq belgilab qo‘yilgan.
2025-yil 13-may kuni Xorazm viloyati Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish boshqarmasida “15-may – Xalqaro oila kuni” munosabati bilan “Oila ma’naviyati” mavzusida seminar bo‘lib o‘tdi. Unda Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasi raisining davlat tili bo‘yicha maslahatchisi mavzu yuzasidan fikr yuritdi.



