Chorvachilik sohasiga Xitoy texnologiyasi joriy etiladi
2026-05-20 09:50:00 / Yangiliklar

Chorva mollarining genetik salohiyatini oshirish maqsadida sun’iy urug‘lantirish, embrion transplantatsiyasi va genetik resurslar almashinuvi bo‘yicha Xitoy bilan keng ko‘lamli hamkorlik yo‘lga qo‘yiladi. Shuningdek, Xitoydan O‘zbekistonga import qilinadigan naslli qoramollar soni oshiriladi.
Bu haqda Xitoyda bo‘lib o‘tayotgan yigirma oltinchi xalqaro chorvachilik ko‘rgazmasida ma’lum qilindi.
Ko‘rgazma doirasidagi kelishuvlarga ko‘ra, ozuqa-yem mahsulotlari va ozuqa qo‘shimchalarini ishlab chiqarish, shuningdek veterinariya dori vositalari, vaksinalar va biopreparatlarni ishlab chiqarish va sinovdan o‘tkazish bo‘yicha qo‘shma korxonalar hamda laboratoriyalar tashkil etiladi.
Mamlakatimizning tabiiy-iqlim sharoiti, jumladan cho‘l va qurg‘oqchil hududlarga mos bo‘lgan yuqori hosildor va kam suv talab etadigan ozuqa o‘simliklarini yetishtirish bo‘yicha ilmiy-amaliy hamkorlik yo‘lga qo‘yiladi.
Veterinariya tizimi xodimlari hamda chorvachilik sohasi mutaxassislari Xitoyning ilg‘or chorva fermalari, ilmiy-tadqiqot muassasalari va qayta ishlash korxonalarida malaka oshiradi.
Chorva mollarini oziqlantirish va sog‘lig‘ini raqamli monitoring qilish bo‘yicha ilg‘or texnologiyalarni joriy etish, shuningdek biotexnologiya va veterinariya nazorati sohalarida tajriba almashish tizimi ishlab chiqiladi.
Shuningdek, hamkorlikda sut va go‘shtni qayta ishlash korxonalari tashkil etiladi.



