Noxolis material kimgadir jabr yetkazadi yoxud ikkinchi tomonni ham eshitishni tavsiya qilamiz
2026-04-28 19:10:00 / Yangiliklar

Ijtimoiy tarmoqlarda «Antikorrupsiya» media loyihasi tomonidan “Prezident «olib kel» deydi, qo‘mita esa yo‘lni to‘sadi. Veterinariya qo‘mitasidagi besh martalik sansalorlik” sarlavhasi ostida qo‘mita mutaxassisi Mirbilol Ergashov faoliyati xususida tanqidiy chiqish qilingan edi.
Mazkur material qo‘mita Ishchi guruhi tomonidan o‘rganib chiqildi. O‘rganishlar natijasiga ko‘ra, «Antikorrupsiya» media loyihasida olib chiqilgan vajlar o‘z tasdig‘ini topmadi.
Ya’ni, Qoraqalpog‘iston respublikasi Amudaryo tumani O‘rtaqal’a OFY hududida joylashgan “O‘rtaqal’a chorva mollari” MCHJ ga Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasi tomonidan 2026-yil 9-fevral sanasida UZ-VET-48-2026-01-0001867-sonli import ruxsatnomasi rasmiylashtirilgan.
Qo‘mitaga 2026-yil 1-aprel sanasida “O‘rtaqal’a chorva mollari” MCHJ tomonidan murojaat xati yuborilgan. Murojaatda Xitoy Xalq Respublikasidan yirik shoxli qoramollarni Qirg‘iziston respublikasidan tranzit orqali olib o‘tishni so‘ragan. Murojaatga binoan Davlat veterinariya nazorati boshqarmasi bosh mutaxassisi MirBilol Ergashov tomonidan 2026-yil 1-aprel kunidayoq xat tayyorlanib, Qirg‘iziston respublikasi vakolatli organiga hamda O‘zbekiston respublikasi Tashqi ishlar vazirligiga xat tayyorlab jo‘natilgan.
Qirg‘iziston tomonidan mazkur xatga rasmiy javob kelmagan.
Eslatib o‘tamiz, qo‘mita mutaxassisi o‘z vaqtida vakolati doirasidagi majburiyatini bajargan.
Shunday ekan, «Antikorrupsiya» media loyihasi ma’murlariga faqat bir tomon fikrini emas, ikkinchi tomonning ham mulohazalarini tinglab, so‘ng chiqish qilishlarini tavsiya qilamiz.
Toki noxolis mediamaterial tufayli kimdir jabr ko‘rmasin.
