O‘zbekiston va Paragvay o‘rtasida veterinariya va chorvachilik sohalarida hamkorlik o‘rnatildi
2026-03-03 13:50:00 / Yangiliklar

Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Shuhrat Jabbarov boshchiligidagi delegatsiya Paragvayda amaliy tashrif bilan bo‘ldi.
Mazkur tashrif ikki davlat o‘rtasida veterinariya va chorvachilik sohalarida hamkorlik o‘rnatish, o‘zaro savdo aloqalarini kengaytirish hamda tajriba almashish maqsadida amalga oshirildi.
Tashrif doirasida Paragvay Respublikasining vakolatli veterinariya organi – Hayvonlar salomatligi va sifat milliy xizmati (SENACSA) rahbariyati bilan muzokara bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvda veterinariya nazorati, epizootik barqarorlikni ta’minlash, chorva mahsulotlari eksporti va importi jarayonlarida hamkorlik, shuningdek, xalqaro standartlarga muvofiq veterinariya sertifikatlarini ishlab chiqish va tasdiqlash masalalari muhokama qilindi.
Muzokaralar yakunlari bo‘yicha ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan kelishuvlarga erishildi hamda tegishli hujjatlar imzolandi. Veterinariya sohasida axborot almashinuvini yo‘lga qo‘yish va mutaxassislar o‘rtasida tajriba almashish yo‘nalishlarida hamkorlik qilishga kelishildi.
Shuningdek, SENACSA huzuridagi markaziy veterinariya laboratoriyasiga tashrif buyurildi va diagnostika imkoniyatlari, kasalliklarni erta aniqlash tizimi, laboratoriya sifatni boshqarish tizimi, malaka sinovlarida ishtirok etish amaliyoti va xalqaro akkreditatsiya talablariga muvofiq faoliyat yuritish tartibi bilan yaqindan tanishildi.
Shu bilan birga Qo‘mita delegatsiyasi Paragvaydagi zamonaviy kushxona faoliyati bilan tanishdi. Unda ishlab chiqarish jarayonlari, davlat veterinariya nazoratining olib borilishi, oziq-ovqat xavfsizligi tizimi hamda eksportga yo‘naltirilgan mahsulotlarni tayyorlash amaliyoti o‘rganildi.
Mazkur tashrif O‘zbekiston va Paragvay o‘rtasida veterinariya va chorvachilik sohasida o‘zaro manfaatli hamkorlikni yana-da mustahkamlash, xalqaro savdo imkoniyatlarini kengaytirish hamda sohada ilg‘or tajribalarni joriy etish uchun muhim qadam bo‘ldi.




