Raqamlashtirish, mahsuldorlik va zamonaviy texnologiyalar.
2026-02-02 10:00:00 / Matbuot anjumanlari

So‘ngi yillarda O‘zbekiston Respublikasida, jumladan Sirdaryo viloyatida veterinariya va chorvachilik sohasini rivojlantirishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Prezidentimiz tashabbusi bilan mazkur tarmoq davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishiga aylantirilib, veterinariya xizmatini takomillashtirish, yuqumli kasalliklarning oldini olish hamda chorva mahsulotlari xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha tizimli ishlar olib borilmoqda.
Veterinariya xizmatida profilaktika birinchi o‘ringa chiqarildi. Respublika bo‘ylab majburiy emlash tadbirlari izchil amalga oshirilmoqda, epizotik xavfi yuqori hududlar doimiy nazoratga olingan. Qo‘mitaning 2026-yil 6-yanvardagi ko‘rsatmasiga muvofiq, joriy yilning 12-yanvaridan mahalla fuqarolar yig‘inlari xabardorligida “Sog‘lom chorva — fayzli mahalla” tadbiri yo‘lga qo‘yilib, viloyatda 74 ta emlash guruhi tashkil etildi. Hozirda chorva va uy hayvonlari o‘rtasida o‘ta xavfli yuqumli kasalliklarning oldini olishga qaratilgan ommaviy emlash ishlari davom etmoqda.
Chorvachilik sohasida esa mahsuldorlikni oshirishga qaratilgan yangi yondashuvlar joriy etilmoqda. Zotdor chorvachilikni rivojlantirish, sun’iy urug‘lantirish xizmatlarini kengaytirish va ozuqa bazasini mustahkamlash orqali fermer xo‘jaliklarining daromadi oshirilmoqda. Davlat tomonidan ajratilayotgan imtiyozli kreditlar va subsidiyalar tarmoqqa yangi investitsiyalarni jalb etishga xizmat qilmoqda.
Sohada raqamlashtirish jarayonlari ham jadal kechmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 24-avgustdagi PQ–285-son qaroriga asosan hayvonlarni identifikatsiya qilish va ro‘yxatga olish bo‘yicha yagona elektron tizim joriy etildi. 2025-yilda grant mablag‘lari hisobidan 249 500 dona qoramol sirg‘alari olib kelinib, viloyatdagi 57 ta veterinariya uchastkasi tomonidan 97 551 bosh qoramolga o‘rnatildi va VIC-CHINOR elektron tizimiga kiritildi. 2026-yilda yana 151 449 bosh qoramolni identifikatsiya qilish rejalashtirilgan.
Shuningdek, “Sulton” fermer xo‘jaligida 350 bosh sigir sun’iy urug‘lantirilib, 220 bosh sog‘lom buzoq olindi. Koreyaning yuqori mahsuldor sigir embrionlari transplantatsiyasi natijasida birinchi avloddan 12 bosh buzoq olindi. Natijada buzoqlarning tirik vazni tengdoshlariga nisbatan 10–15 foiz yuqori bo‘lib, kelgusida sut mahsuldorligi va yosh mollarning o‘sish sur’ati 30 foizga oshishi kutilmoqda.
2026-yilda “Kopia” markazi tomonidan mazkur xo‘jalikda qiymati 3 million dollarlik biogaz loyihasini amalga oshirish rejalashtirilgan. Loyiha doirasida yiliga 1,5 million kub metr gaz va 4,3 million kVt/soat elektr energiyasi ishlab chiqarilishi ko‘zda tutilgan.
“Raqamli O‘zbekiston – 2030” strategiyasi doirasida veterinariya-sanitariya jihatidan xavfsiz go‘sht mahsulotlarini nazorat qilish maqsadida “VIS-BILLUR” elektron axborot tizimi joriy etildi. Bugungi kunda viloyatdagi 7 ta ixtisoslashtirilgan so‘yish korxonasi ushbu tizim orqali faoliyat yuritmoqda. 2025-yilda 10 004 bosh yirik va 1 810 bosh mayda shoxli mol so‘yilib, elektron bazaga kiritildi.
Davlat-xususiy sheriklik asosida xususiy veterinariya klinikalari, dorixonalari va zamonaviy laboratoriyalar tashkil etilmoqda. Prezidentning 2025-yil 27-fevraldagi 78-son qaroriga muvofiq, viloyatda 13 nafar veterinariya mutaxassisi litsenziya asosida xususiy faoliyat boshladi.
Kadrlar salohiyatini oshirish maqsadida Samarqand viloyatida tashkil etilgan malaka oshirish institutida 2025-yilda Sirdaryodan 78 nafar mutaxassis o‘qitildi. 2026-yilda esa yana 55 nafar mutaxassis malakasini oshirishi rejalashtirilgan.
Xulosa qilib aytganda, Sirdaryo viloyatida veterinariya va chorvachilik sohasida olib borilayotgan islohotlar tarmoqni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqmoqda. Profilaktika tadbirlarining kuchaytirilishi, raqamlashtirish, zamonaviy texnologiyalar va davlat qo‘llovi natijasida mahsulot sifati oshib, fermerlar daromadi ko‘paymoqda, qishloq aholisi farovonligi yuksalmoqda.








