Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Djabbarov Shuxrat Abdumajidovichning korrupsiyaga qarshi kurashish borasida soha xodimlariga murojaati
2025-12-09 09:10:00 / Rahbariyatning bayonotlari va nutqlari

Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoyevning tashabbuslari bilan mamlakatimizda korrupsiyaning oldini olishga, unga qarshi kurashishga, davlat va jamiyat qurilishining barcha sohalarida korrupsiya omillarga chek qo‘yishga qaratilgan tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Buni so‘nggi yillarda korrupsiyaga qarshi kurashish sohasiga oid qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlar, davlat dasturlari misolida ham ko‘rish mumkin. Davlat rahbarining korrupsiyaga qarshi kurashga doir tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlagan holda, qo‘mita tizimida ham korrupsiyaga qarshi kurashish bilan bog‘liq faoliyatni takomillashtirish yuzasidan kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilib, bu illatning oldini olish va profilaktika qilishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Jumladan, korrupsiya xavfini baholash, xodimlarni korrupsiyaga qarshi kurashishga o‘rgatish va ularning malakasini oshirish bo‘yicha salmoqli ishlar amalga oshirildi. Shuni alohida ta’kidlamoqchimanki, qo‘mita tizimida korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi murosasiz kurashishning ilg‘or xalqaro standartlarga asoslangan tizimini joriy etish bo‘yicha izchil choralar ko‘rilishi natijasida, qo‘mita 2023-yilda korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha ISO 37001:2016 xalqaro standarti sertifikatiga ega bo‘ldi. Ushbu xalqaro standart talablariga muvofiq qo‘mita va uning tizim tashkilotlari va muassasalarida korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha boshqaruv tizimi joriy etildi. Xususan, xalqaro standart talablaridan kelib chiqqan holda, qo‘mita tizimida korrupsiyaga qarshi kurashish, uni keltirib chiqarayotgan sabab va shart-sharoitlarni aniqlash hamda bartaraf etish borasida tizimli choralar ko‘rilmoqda. Jumladan, xalqaro standart talablari bo‘yicha qo‘mita tizimida korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha 10 dan ortiq ichki idoraviy hujjatlar ishlab chiqilib, qo‘mita tizimida amaliyotga joriy etildi. Shu bilan birga, Qo‘mita tizimida O‘zbekiston Respublikasining “Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida”gi Qonuni ijrosini samarali tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2024-yil 5-maydagi PQ-210-son qarori ijrosi yuzasidan muayyan ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasi va uning tizimidagi tashkilotlar xodimlarining faoliyatida manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish bo‘yicha cheklovlarga rioya etilishi yuzasidan o‘rganishlar o‘tkazib borilmoqda. O‘rganishlarda tadbirkorlik faoliyatida ishtirok etish kabi holatlar aniqlanib, davlat xizmatidagi faoliyati bilan birgalikda tadbirkorlik bilan shug‘ullanish holatlari bartaraf etildi. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi “Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi Qonuni 13-moddasiga asosan davlat fuqarolik xizmatchisi tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanishga haqli emasligi qo‘mita va tizimdagi barcha xodimlar e’tiboriga yetkazilib, qat’iy ogohlantirishlar berildi. Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, huquqni muhofaza qilish akademiyasi va Adliya vazirligi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi “Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida”gi Qonuni qo‘llash jarayonida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan muammolarni bartaraf etish choralari bo‘yicha ishlab chiqilgan uslubiy qo‘llanma qo‘mita markaziy apparati hamda tizim tashkilotlari xodimlariga tarqatildi. Qo‘mita tizimidagi tashkilotlarda huquqni muhofaza qiluvchi organlar mas’ullari ishtirokida korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish, korrupsiyaning oldini olishga doir targ‘ibot tadbirlari, qo‘mita tizimida faoliyat yuritayotgan xodimlarning huquqiy ongi va madaniyatini yuksaltirish bo‘yicha o‘quv seminarlar, treninglar, brifinglar va davra suhbatlari tashkil etib borilmoqda. Shu o‘rinda qo‘mita tizimida faoliyat yuritayotgan barcha xodimlarga shuni alohida ta’kidlagan bo‘lar edimki, korrupsiyaga mutlaqo toqatsizlik tamoyiliga tayangan holda korrupsiya bilan bog‘liq har qanday xatti-harakatlarda ishtirok etmang, boshqa shaxslarning manfaatlarini ko‘zlab harakat qilmang, pora olish yoki g‘ayriqonuniy boshqa maqsadlarda o‘z xizmat mavqeingizdan noqonuniy foydalanmang! Sizlar, mehnat faoliyatingizdagi yuridik va jismoniy shaxslar bilan munosabatlarda halol, adolatli va mustaqil xulq-atvor namunasi bo‘lishingiz, o‘z mansab majburiyatingizni bajarishingiz doirasida, korrupsiyaning barcha shakllari va ko‘rinishlariga murosasiz munosabatni shakllantirgan holda korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha qonunchilik normalari va qabul qilingan ichki hujjatlarga rioya qilishingiz lozim. Biz shuni unutmasligimiz kerakki, korrupsiya ma’lum bir sohaga emas, balki butun jamiyat taraqqiyotining inqiroziga olib keladi. Hozirda korrupsiyaga qarshi kurashish maqsadlariga faqat tashkiliy-huquqiy vositalar bilan erishib bo‘lmasligini hayotning o‘zi ko‘rsatmoqda. O‘ylaymanki, jamiyat kushandasi bo‘lgan ushbu illatga qarshi kurashda nafaqat davlat tashkilotlari, balki jamiyat va umuman barcha fuqarolarimiz mas’uldir. Biz korrupsiyaning oqibatlari bilan kurashishdan uning barvaqt oldini olishga o‘tishimiz lozim. Shunday ekan, davlat va jamoat tashkilotlari bu illatni oldini olishi va unga qarshi kurashishda hamjihat bo‘lishi samarali natijalarga erishishning eng maqbul yo‘li bo‘lib hisoblanadi. Asosiy faoliyatimiz yo‘nalishlari bo‘lgan veterinariya, chorvachilik va naslchilik sohasida hamda chorvachilikda qo‘shilgan qiymat zanjirini yaratish, yaylovlarni asrash, ekologik va boshqarish tizimini yo‘lga qo‘yish kabi vazifalarimizni amalga oshirishda korrupsiyaviy huquqbuzarliklarga nisbatan murosasizlik va ularni sodir etishga yo‘l qo‘ymaslik, korrupsiya omillari va shart-sharoitlarini bartaraf etishga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirishni o‘zimizga ustuvor vazifa qilib olishimiz darkor. Bunda vatanparvarlik, sadoqat va mas’uliyatni faoliyatning asosiy tamoyiliga aylantirgan holda, har bir mutaxassis xodim oldiga qo‘yilgan vazifalarni vijdonan, xolis va yuqori saviyada amalga oshirishi lozim. Davlat xizmatchisi eng avvalo yuragi, vijdoni va qo‘li toza, ko‘ngli ochiq, aql va zakovat sohibi bo‘lsa, u albatta el-yurt ishonchini, mehrini va e’tiborini qozona oladi. Shunday ekan, go‘zal va betakror yurtimizning bugungi va ertangi kuni, yorug‘ kelajagi uchun avvalambor o‘zimiz mas’ul ekanligimizni unutmaylik. Hurmatli fuqarolar, tadbirkorlar va soha xodimlari! Qo‘mita tizimida faoliyat yuritayotgan xodimlarning qonunchilikka zid xatti-harakatlari yoki harakatsizliklarining guvohi bo‘lsangiz yoki xodimlarning korrupsiya va boshqa huquqbuzarlik holatlariga aloqadorligi yuzasidan ma’lumotlarga ega bo‘lsangiz, qo‘mitaning quyida keltirilgan aloqa kanallari orqali o‘z murojaatlaringizni qoldirishingiz mumkin. Ishonch telefoni: +998 71 202 12 00 (ichki 201) va +998 71 276 01 18 Telegram bot: @vetlegnewsbot Rasmiy veb sahifa: http://my.vetgov.uz/ Elektron pochta manzili: info@vetgov.uz devonxona@vetgov.uz Yo‘llangan murojaatlar qonunchilikda belgilangan tartib va muddatlarda ko‘rib chiqiladi hamda tasdiqlangan korrupsion holatlar bo‘yicha keskin qonuniy choralar ko‘riladi.
