Bekobod tumanida baliqchilik bo‘yicha innovatsion loyiha ishga tushirildi.
2025-12-19 16:10:00 / Yangiliklar

Baliqchilik oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlashdagi muhim yo‘nalishlardan biri sifatida bugungi kunda jadal ravishda rivojlanib bormoqda.
Sohaga zamonaviy intensiv texnologiyalar joriy qilinib, baliq yetishtiruvchi xo‘jaliklar soni ortib bormoqda. Shu bilan birga kichik maydonlardan samarali tarzda foydalanish natijasida yuqori hosildorlikka erishilmoqda.
Xususan, Toshkent viloyati Bekobod tumani Bog‘ishamol mahalla fuqarolar yig‘ini hududida joylashgan meliorativ quduqlar atrofida baliq yetishtirish faoliyatini boshlagan “RAS TROUT” masʼuliyati cheklangan jamiyati ana shunday xo‘jaliklardan biri sanaladi.
Ushbu xo‘jalik tomonidan respublikada ilk marotaba yarim aylanma suv tizimi uslubida baliq yetishtirishda suyuq kisloroddan foydalanish bo‘yicha innovatsion loyiha ishga tushirildi. 8 sotix maydonga o‘rnatilgan, quvvati 80 tonna bo‘lgan 16 ta basseynlarda amalga oshirilayotgan loyihada mavsumga ko‘ra yaʼni qish oylarida forel balig‘i chavoqlari, yozgi mavsumda esa karp hamda osyotr baliqlarini yetishtirish rejalashtirilgan.
Bilamizki, meliorativ quduqlardan asosan yerosti suvlarini pasaytirish va dehqonchilikda foydalanilgan. Bugungi kunga kelib esa ushbu suvlarda sanoat usulida baliq yetishtirish ommalashib bormoqda. Mazkur quduqlardan chiqarilayotgan yer osti suvlarining tarkibi to‘g‘ridan-to‘g‘ri baliq yetishtirish talabiga mos kelmaganligi sababli qayta ishlanib, degazatsiya qilinadi. Ortiqcha gazlar chiqarilib, qo‘shimcha ravishda kislorod bilan to‘yintiriladi.
Loyiha doirasida maxsus haroratda saqlangan suyuq kislorod zamonaviy uskunalar yordamida gaz holatiga o‘tkazilib, basseynga kerakli miqdorda yuboriladi. Natijada suvning tarkibidagi kislorod miqdori yetishtirilayotgan baliq turiga ko‘ra optimal darajada ushlab turiladi. Suv tarkibidagi kislorod miqdorining oshishi o‘z navbatida baliqlarda modda almashinuvini yaxshilab, ozuqa isteʼmoliga bo‘lgan talabini oshiradi.
Yuqoridagi loyihaning ahamiyatliligi ham shundaki, baliq yetishtirishda suyuq kisloroddan foydalanilmoqda. Bu usulda esa suvda kislorod 200-300 foiz miqdorigacha eriydi. Baliqlarning kasallanish darajasi kamayadi. Havo haroratining keskin oshib ketish davridagi kislorod yetishmaslik muammosi bartaraf etiladi. Buning natijasida esa yuqori hosildorlikka erishiladi.
Mazkur yo‘nalishda baliq yetishtirishning yana bir afzalligi unda suv, yer va elektr energiya resurslarining sarfi tejaladi. Ishlatilgan suvlarning qariyb 50 foizi qayta ishlatiladi. Qolgan qismi esa fosfor va azotga to‘yingan holatda qishloq xo‘jaligi ekinlari uchun foydalaniladi.
Natijada ishlatiladigan o‘g‘it sarfi kamayib, ekinlar hosildorligining oshishiga xizmat qiladi.
O‘zbekiston iqlim sharoiti va tobora kuchayib borayotgan suv tanqisligi muammosini inobatga olgan holda baliq yetishtirishda suyuq kisloroddan foydalanish sohani yangi bosqichga olib chiqish, zamonaviy va barqaror baliqchilikni shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.





