Oliy Majlis Qonunchilik palatasida energiya sohasini rivojlantirish va muqobil energiya resurslarini joriy etish masalalariga bag‘ishlangan uchrashuv bo‘lib o‘tdi
2025-01-31 10:00:00 / Yangiliklar

Seminarda Energetika vaziri J.Mirzamaxmudov mamlakatimizda elektr energetikasini 2025-2035-yillarda rivojlantirish chora-tadbirlari, shu jumladan, yangi elektr stansiyalari va energiya saqlash quvvatlari barpo etish, tarmoqda yo‘qotishlarni kamaytirish, sohada raqamlashtirilgan boshqaruvni joriy qilish, elektr energiyasining tannarxini pasaytirish, buning omili sifatida muqobil manbalarni ko‘paytirish kabi kun tartibidagi muhim vazifalar haqida taqdimot materiallari asosida batafsil tushuntirishlar berdi.
Vazirning ma’lum qilishicha, bugungi kunda iste’molchilarni barqaror energiya bilan ta’minlash vazifasini bajarishda, avvalo, generatsiya manbalari, yirik qayta tiklanuvchi va rostlovchi quvvatlarni joriy etish, elektr energiyasi va tabiiy gaz iste’molidagi samaradorlik, har bir tarmoq kesimida energiyani 10-15 foiz iqtisod qilish, 2030-yilda elektr energiyasi yo‘qotishlarini hozirgi 14 foizdan 8-9 foizgacha tushirish rejalari katta ahamiyatga ega.
Istiqbolda binolar uchun “toza energiya”, energiya samarador uylar, elektromobillardan foydalanish infratuzilmasini rivojlantirish yo‘nalishlarida bir qator yangi loyihalar amalga oshiriladi. Aynan shuning uchun ham bu yo‘nalishdagi vazifalarni bajarishda Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston Ekologik partiyasi fraksiyasi va deputatlik korpuslari bilan hamkorlik juda muhim ekanligini qayd etib, ushbu seminar bu maqsad yo‘lida qulay platforma bo‘lganligiga urg‘u berdi.

“O‘zenergoinspeksiya” boshlig‘i I.Nimatullayev esa keyingi yillarda sohada samaradorlik va tejamkorlikka erishishda, energiya resurslarini talon-toroj qilinishining oldini olishda parlament tomonidan qabul qilinayotgan qonunlar muhim huquqiy asos bo‘lib xizmat qilayotganini alohida ta’kidladi. Xususan, 2024-yilda energetika resurslaridan noqonuniy foydalanish bilan bog‘liq bo‘lgan 1,4 trln. so‘mlik 8 mingdan ortiq holatlar aniqlangani aytib o‘tildi.
Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi mutasaddilari “yashil” energetikani rivojlantirish borasida so‘z yuritib, hozirda bu yo‘nalishda deputatlar, olimlar, mutaxassislar va ekspertlar bilan bir qator loyihalar ustida ish olib borilayotganini ma’lum qildi. Jumladan, 2024-yilda 752 MVtlik shamol elektr, 2 763 MVtlik quyosh elektr stansiyalari va 1 782 MVtlik energiya saqlash tizimlarining qurilayotgani, buning natijasida 4,8 mln. tonna zararli gazlarning atmosferaga chiqishining oldi olinayotgani e’tirof etildi.

Qizg‘in muhokama va savol-javoblarga boy bo‘lgan seminarda deputatlar energetika sohasini isloh qilish, resurslarni tejash, “yashil” energiyani keng joriy qilish borasidagi islohotlarni qo‘llab-quvvatlashlarini bildirdi. Bu borada har ikkala vazirlik bilan doimiy muloqotlar tashkil etilishi, yangi loyihalarni fraksiyalar va qo‘mitalar kesimida muntazam muhokama qilib borish, aholi va saylovchilarga “yashil” energetikani rivojlantirish va energiya samaradorlikka erishishning zarurati va ahamiyatini keng tushuntirib borish, pirovard natijada mamlakatimizda muqobil energiya manbalarini keng joriy etishga erishish hamda aholi va iqtisodiyotning energiyaga bo‘lgan talabini uzluksiz ta’minlash ustuvor maqsad ekanligi alohida ta’kidlandi.
O‘zbekiston Ekologik partiyasi fraksiyasi va mas’ul qo‘mitalarga sohada amalga oshirilayotgan islohotlarni keng jamoatchilikka yetkazish bo‘yicha taklif va tavsiyalar berildi.
