Matbuot anjumani o‘tkazildi
2026-10-19 16:35:00 / Yangiliklar

Matbuot anjumanida Suv xo‘jaligi vazirining maslahatchisi Dilshodjon Xodjaxmedov, vazirlikning Suv xo‘jaligida istiqbolli loyihalarni shakllantirish bo‘limi boshlig‘i Madaminjon Qurbonov, Suv xo‘jaligi loyihalarini amalga oshirish departamenti direktori Nuriddin Xo‘jaqulov ommaviy axborot vositalari vakillarining savollariga javob berdi.
Dastlab mamlakatimizda suv resurslaridan oqilona foydalanish, sug‘orish tarmoqlarini modernizatsiya qilish, kanallarni betonlashtirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar va istiqboldagi vazifalar haqida ma’lumot berildi.
Ta’kidlanganidek, respublikada 4,3 million gektar sug‘oriladigan yer mavjud. Suv resurslarining 90 foizdan ortig‘i qishloq xo‘jaligida foydalaniladi.
Prezidentimiz tashabbusi bilan 2024-yil suv yo‘qotishlarini kamaytirish bo‘yicha zarbdor yil deb e’lon qilinib, kanallarni betonlashtirish ishlari yangi bosqichga ko‘tarildi. Mazkur yo‘nalishga ajratilayotgan davlat mablag‘lari ham yil sayin oshirilmoqda.
2020–2025-yillarda davlat budjeti hisobidan 3 400 kilometr kanal betonlashtirildi. 2026-yilda esa yana 1 140 kilometr yirik kanalni betonlashtirish ishlari olib borilmoqda.
Joriy yilning o‘tgan to‘qqiz oyida Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 21-oktyabrdagi 660-son qarori asosida 70 ta loyiha doirasida 537 kilometr kanal betonlashtirildi. Shuningdek, 26 kilometr lotok va 33 kilometr yopiq sug‘orish tarmoqlari rekonstruksiya qilindi.
Bundan tashqari, Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 19-martdagi 111-son qaroriga muvofiq, davlat byudjetidan qo‘shimcha 422 milliard so‘m ajratildi. Ushbu mablag‘lar hisobidan 53 ta loyiha doirasida 388 kilometr kanalni betonlashtirish belgilangan bo‘lib, to‘qqiz oyda 215 kilometrida ishlar bajarildi.
Matbuot anjumanida sug‘oriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash bo‘yicha ham salmoqli ishlar amalga oshirilayotgani qayd etildi. Jumladan, 2017–2026-yillarda 7 163 kilometr kollektor-drenaj tarmoqlari qurildi va rekonstruksiya qilindi, 129 541 kilometr tarmoqda ta’mirlash-tiklash ishlari bajarildi.
Aholi tomorqalarining suv ta’minotini yaxshilashga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. 2025-yilda «Kambag‘allikdan farovonlik sari» dasturi doirasida 892 ta loyiha amalga oshirildi. Natijada 505 ming xonadonda yashovchi 2,7 million nafar aholi foydalanayotgan 92 ming gektar yer maydonining suv ta’minoti yaxshilandi.
2027-yilda esa 48 ta yangi obyekt doirasida 406 kilometr kanalni betonlashtirish va 5 kilometr lotok tarmog‘ini rekonstruksiya qilish bo‘yicha takliflar ishlab chiqilgan.
Matbuot anjumanida sohadagi islohotlarning bosh maqsadi har bir kub metr suvdan samarali foydalanish, suv yo‘qotishlarini kamaytirish, qishloq xo‘jaligi yerlarining suv ta’minotini yaxshilash hamda mamlakatimizning suv va oziq-ovqat xavfsizligini mustahkamlash ekani ta’kidlandi.
Axborot xizmati






