Sel va toshqin xavfi doimiy nazoratda
2026-10-26 13:00:00 / Yangiliklar

Bu boradagi ishlar Suv xo‘jaligi vazirining-2026-yil 14-fevraldagi "Sel oqimlari va toshqin suvlarini xavf-xatarsiz o‘tkazib yuborish hamda suv xo‘jaligi obyektlarining xavfsiz ishlashini ta’minlash to‘g‘risida"gi buyrug‘i asosida olib borilmoqda.
Buyruq ijrosini ta’minlash maqsadida respublika shtabi va doimiy faoliyat yurituvchi tezkor ishchi guruhlar tuzilib, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlardagi ishlarni muvofiqlashtirish uchun vazirlikning mas’ul xodimlari hududlarga biriktirilgan.
Ayni paytda sel va toshqin xavfi mavjud hududlardagi suv omborlari, gidrotexnika inshootlari va nasos stansiyalarida kecha-yu kunduz navbatchilik davom etmoqda. Obyektlardagi vaziyat muntazam kuzatilib, kelib tushgan ma’lumotlar navbatchilik jurnaliga qayd etilmoqda.
Ish kunlari soat 09:00 dan 21:00 gacha Suv xo‘jaligini raqamlashtirish va monitoring markazi, soat 21:00 dan ertasi kuni 09:00 gacha Suv xo‘jaligi vazirligi hamda Suv xo‘jaligi obyektlarini ekspluatatsiya qilish agentligining mas’ul xodimlari navbatchilik qilmoqda.
Belgilangan tartibga ko‘ra, tumanlardagi "Suv yetkazib berish xizmati" davlat muassasalari hududdagi vaziyat haqida har ikki soatda irrigatsiya tizimi boshqarmalariga axborot beradi. Ma’lumotlar irrigatsiya tizimi boshqarmalaridan irrigatsiya tizimlari havza boshqarmalariga, ulardan esa vazirlikka taqdim etiladi.
Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Gidrometeorologiya xizmati agentligi hamda mahalliy hokimliklar bilan xavfli ob-havo hodisalari bo‘yicha tezkor axborot almashinuvi olib borilmoqda.
Sel va toshqin suvlarini xavfsiz qabul qilish hamda o‘tkazish uchun o‘zanli suv omborlarining tayyorgarligi tekshirilmoqda. Yirik obyektlardagi zaxira elektr manbalari ishchi holatda saqlanib, zarur yonilg‘i, qurilish materiallari, maxsus texnika va mexanizmlar zaxirasi shay holatga keltirilmoqda.
Favqulodda holat yuzaga kelgan taqdirda vazirlik rahbariyati va tegishli tashkilotlarga zudlik bilan xabar berilib, zarur texnika, mexanizmlar hamda ishchi kuchini safarbar etish choralari ko‘riladi.
Sel va toshqin bilan bog‘liq holatlar yuzasidan Suv xo‘jaligi vazirligining navbatchilik-dispetcherlik xizmatiga (71) 241-07-43 telefon raqami orqali murojaat qilish mumkin.
