Nasos stansiyalarining nomlari davlat tili me’yorlariga muvofiqlashtirildi
2026-10-26 09:25:00 / Yangiliklar

"Davlat tili haqida"gi va "Geografik obyektlarning nomlari to‘g‘risida"gi qonunlarga muvofiq qabul qilingan qaror nasos stansiyalarini nomlashda davlat tili talablariga rioya etish, ularning nomlarini rasmiy hujjatlar va kundalik ish yuritishda bir xil qo‘llashni ta’minlashga qaratilgan.
Yangi nom berilgan stansiyalar orasida "Perekachka", "Avangard", "Volchi", "Uchxoz", "Shitovoy" kabi nomlar bilan yuritilgan obyektlar ham bor. Endilikda ular hududning joy nomlari va o‘zbek tiliga mos nomlar bilan ataladi.
Jumladan, Toshkent viloyati Bekobod tumanidagi "Perekachka-1" va "Perekachka-2" nasos stansiyalari "Bekobod" va "Bekobod-2", "Avangard" — "Oltin vodiy", "Volchi" esa "To‘qayzor" deb nomlandi.
Andijon viloyati Marhamat tumanidagi "Uchxoz" nasos stansiyasiga "Bozorboshi", "Sigma-1k." va "Sigma-2k." stansiyalariga "Ravot" va "Ravot-2" nomlari berildi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kegeyli tumanidagi "Shitovoy" — "Oqqum", "Ferma" — "Uzumbog‘", "Dacha" esa "Xalqobod" deb qayta nomlandi.
Shuningdek, harf va raqamlar birikmasi bilan yuritilgan ayrim stansiyalar ham yangi nom oldi. Masalan, Qashqadaryo viloyati Koson tumanidagi "M-4-M-4a" nasos stansiyasi "Turon", Nishon tumanidagi "M-1" esa "Guliston" deb nomlandi.
Qarorga ko‘ra, normativ-huquqiy hujjatlar, ish yuritish hujjatlari hamda xizmat yozishmalarida tasdiqlangan nomlardan foydalaniladi. Suv xo‘jaligi vazirligi Kadastr agentligi bilan birgalikda ikki oy muddatda tegishli hujjatlar va ma’lumotlar bazalariga o‘zgartishlar kiritilishini ta’minlaydi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari bilan hamkorlikda nasos stansiyalaridagi peshlavhalar hamda axborot ko‘rsatkichlaridagi yozuvlar ham davlat tili me’yorlariga muvofiq, lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosida rasmiylashtiriladi.
Axborot xizmati
