RASMIY MUNOSABAT
2026-10-10 09:35:00 / Yangiliklar

Olot tumanida suv ta’minotini yaxshilash, irrigatsiya va melioratsiya infratuzilmasini modernizatsiya qilish hamda suv resurslaridan samarali foydalanish maqsadida so‘nggi besh yilda tizimli ishlar amalga oshirildi.
Jumladan, 20 ta irrigatsiya va melioratsiya obyektida qurilish va rekonstruksiya ishlari bajarilib, 98 km kanal va 52,5 km ichki sug‘orish tarmoqlari betonlashtirildi. Natijada 18,3 ming gektar maydonning suv ta’minoti, 2,8 ming gektar yerning meliorativ holati yaxshilandi. Suv tejovchi texnologiyalar joriy etilishi va raqamli nazorat vositalarining o‘rnatilishi natijasida 61 mln kub metrgacha suv tejaldi.
Shu bilan birga, sohada ayrim kamchiliklar uchrashi mumkinligi inkor etilmaydi. Ularni aniqlash va bartaraf etish, suv taqsimotida shaffoflikni ta’minlash hamda mas’ul shaxslarning javobgarligini oshirish bo‘yicha zarur choralar ko‘rilmoqda.
Videomurojaatda ko‘tarilgan masalalarni o‘rganish uchun ishchi guruh tuzilgan. Jumladan, Olot tumani «Suv yetkazib berish xizmati» davlat muassasasi direktori Sh. Sharipov vazirlikning tegishli buyrug‘iga asosan vakolatli organning yakuniy qarori qabul qilingunga qadar lavozimidan chetlashtirilgan.
Mazkur holatlar bo‘yicha jinoyat ishi sudda ko‘rib chiqilmoqda. Holatlarga yakuniy huquqiy baho sud tomonidan beriladi.
Suv xo‘jaligi tizimida qonuniylik va adolatli suv taqsimotini ta’minlash, fermerlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish hamda ularning takrorlanishiga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha ishlar izchil davom ettiriladi.
