Suv xo‘jaligi sohasining fidoyi ayollari e’tirof etildi
2026-10-13 13:00:00 / Yangiliklar

Tadbirda Suv xo‘jaligi vazirligi rahbariyati, tizim tashkilotlari vakillari, hududlardan kelgan faol va tashabbuskor xotin-qizlar ishtirok etdi.
Marosimda Suv xo‘jaligi vaziri Shavkat Hamrayev so‘zga chiqib, ishtirokchilarni Xalqaro qishloq ayollari kuni bilan tabrikladi hamda sohada mehnat qilayotgan xotin-qizlarning fidoyiligi, kasbiy mahorati va jamiyat hayotidagi o‘rnini alohida e’tirof etdi.
Ta’kidlanganidek, suv xo‘jaligi sharafli, shu bilan birga, katta mas’uliyat va matonat talab etadigan sohadir. Kanallar, nasos stansiyalari, gidrotexnika inshootlari, laboratoriyalar, muhandislik va boshqaruv tizimlarida mehnat qilayotgan xotin-qizlar erkaklar bilan yelkama-yelka faoliyat yuritib, aholi va qishloq xo‘jaligini suv bilan ta’minlashga munosib hissa qo‘shmoqda.
Mamlakatimizda Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan xotin-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning huquq va manfaatlarini ta’minlash, kasbiy salohiyatini yuksaltirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Suv xo‘jaligi tizimida ham ushbu yo‘nalishda izchil ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, vazirlik va idoralar orasida birinchilardan bo‘lib sohada gender konsepsiyasi ishlab chiqilgan. U xotin-qizlar uchun munosib mehnat sharoitlarini yaratish, ularning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash hamda kasbiy va rahbarlik salohiyatini rivojlantirishga qaratilgan.
Bugungi kunda vazirlik tizimida 33 ming nafardan ortiq xodim mehnat qilayotgan bo‘lsa, ularning qariyb 2 ming 200 nafarini xotin-qizlar tashkil etadi.
Tadbirda sohada mehnat qilayotgan ayollarni rag‘batlantirish, ularning ilg‘or tajribasini ommalashtirish va yosh avlodga ibrat sifatida ko‘rsatish muhimligi ta’kidlandi.
Joriy yilgi «Suv xo‘jaligi sohasining ayoli — 2026: Kasbim — faxrim» tanlovi Shveytsariya taraqqiyot va hamkorlik agentligi bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan «O‘zbekistonda suv resurslarini boshqarish milliy loyihasi» doirasida tashkil etildi.
Tanlovda Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlardan ishtirok etgan suvchi ayollar o‘z kasbiy mahorati, tashabbuskorligi, boy tajribasi va kasbiga sadoqatini namoyon etdi.
Marosimda tanlov g‘olibalari tabriklanib, ularning suv xo‘jaligi sohasi rivojiga qo‘shayotgan hissasi e’tirof etildi.
Tadbir davomida xotin-qizlarning sohadagi faolligini yanada oshirish, ularning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, kasbiy o‘sishi va rahbarlik lavozimlarida faoliyat yuritishi uchun keng imkoniyatlar yaratish muhim vazifalardan ekani qayd etildi.
Mazkur tanlov suv xo‘jaligida mehnat qilayotgan xotin-qizlarning mashaqqatli va sharafli mehnatini qadrlash, ularning yutuqlarini keng jamoatchilikka tanitish hamda sohada gender tenglik tamoyillarini mustahkamlashga xizmat qiladi.









