Har bir murojaat ortida — inson manfaati
2026-10-09 16:20:00 / Yangiliklar

Ana shu maqsadda bugun Suv xo‘jaligi vazirining birinchi o‘rinbosari — Suv xo‘jaligi obyektlarini ekspluatatsiya qilish agentligi direktori Zokir Ishpulatov Oqdaryo tumani suv iste’molchilari uchun videokonferensaloqa shaklida shaxsiy qabul o‘tkazdi.
Unda Zarafshon irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi, Oqdaryo tumani «Suv yetkazib berish xizmati» davlat muassasasi va boshqa mutasaddi tashkilotlar rahbarlari, fermerlar, tadbirkorlar hamda mahalla faollari ishtirok etdi.
Qabulda ko‘tarilgan har bir masala muayyan mahalla yoki fermer xo‘jaligining kundalik ehtiyoji bilan bog‘liq bo‘ldi. Jumladan, O‘zbekiston mahallasida yashovchi Jabborqul Rahmonov hududga suv olib keladigan «Yangi Chovka» arig‘ini maxsus texnika yordamida tozalashda amaliy yordam so‘ragan bo‘lsa, «Sherdor Shirin mevasi» fermer xo‘jaligi rahbari Sobirjon Erkinov 7 gektar maydonga ekilgan kuzgi bug‘doyni sug‘orish uchun suv yetkazib berishni so‘rab murojaat qildi.
«Qushyog‘och g‘allasi» fermer xo‘jaligi rahbari Alisher Botirov esa xo‘jalik foydalanadigan «Yangi Turon» arig‘i loyqaga to‘lib qolganini bildirib, uni tozalashda ko‘mak so‘radi. Amri Pirimqulov «Sutkent» xo‘jaliklararo arig‘ida suv taqsimlash inshooti qurish zarurligini bildirdi. Shuningdek, muloqotda sug‘orish qudug‘idan foydalanish uchun sarflangan elektr energiyasiga subsidiya olish, «Joy–Devona» kanalida qurilgan suv olish inshooti hamda «Yangi Chorjo‘y» kanalida tashkil etilgan gidropost hujjatlarini rasmiylashtirish masalalari ham ko‘tarildi.
Qabul davomida har bir masala bo‘yicha mas’ullar belgilanib, murojaatlarni joyiga chiqqan holda o‘rganish, vakolat doirasida qonuniy yechim topish hamda natijasi haqida murojaat egalariga belgilangan tartibda javob berish vazifasi yuklatildi.
Ekspluatatsiya agentligi axborot xizmati









