"Eski nishob" kanalining 1 kilometri betonlashtirilmoqda
2026-10-08 08:55:00 / Yangiliklar

Loyiha Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 19 martdagi «Irrigatsiya tizimlarida suv resurslaridan oqilona foydalanish hamda suv tanqisligining oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori asosida amalga oshirilmoqda. Mazkur qaror bilan 2026 yilda kanallarni betonlashtirish va rekonstruksiya qilish bo‘yicha loyihalarning manzilli ro‘yxati tasdiqlangan.
Xo‘jaobod tumani «Suv yetkazib berish xizmati» davlat muassasasi tasarrufidagi kanalning 1 kilometr qismini betonlashtirish belgilangan. Bugungi kunga qadar 350 metr masofadagi ishlar yakunlandi. Ayni paytda navbatdagi qismlarda kanal o‘zani tayyorlanib, beton qoplamasini yotqizish ishlari davom etmoqda.
Qurilish jarayonida beton qoplamasining mustahkamligi va tekisligiga, kanalning loyihaviy o‘lchamlariga rioya etilishiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu kanaldan uzoq muddat va samarali foydalanishda muhim ahamiyatga ega.
Loyiha to‘liq yakunlangach, suvning tuproqqa singib yo‘qolishi kamayadi, kanal orqali suv yetkazib berish barqarorligi oshadi. Natijada hududdagi qishloq xo‘jaligi ekinlarini o‘z vaqtida sug‘orish va mavjud suv resurslaridan tejamkor foydalanish uchun qo‘shimcha imkoniyat yaratiladi



