Gidrotexnika inshootlari xavfsizligi: Ilm va amaliyot uy-unligi
2026-10-07 14:35:00 / Yangiliklar

Unda Suv xo‘jaligi va Favqulodda vaziyatlar vazirliklari, «Suvxo‘jaliknazorat» inspeksiyasi, irrigatsiya tizimlari havza boshqarmalari va suv omborlari hamda gidrotexnika inshootlaridan foydalanishga mas’ul rahbar va mutaxassislari qatnashdi.
Tadbirda Suv xo‘jaligi vazirining birinchi o‘rinbosari — Suv xo‘jaligi obyektlarini ekspluatatsiya qilish agentligi direktori Zokir Ishpulatov gidrotexnika inshootlarini ishonchli ekspluatatsiya qilish, ularning texnik holatini muntazam nazoratdan o‘tkazish va aniqlangan kamchiliklarni o‘z vaqtida bartaraf etish har bir mas’ul rahbarning asosiy vazifasi ekanini qayd etdi. Inshootlardagi har qanday nosozlikni kichik muammo sifatida qabul qilmasdan, uning ehtimoliy oqibatlarini oldindan baholash va zarur choralarni kechiktirmasdan ko‘rish lozimligini bildirdi.
Suv xo‘jaligi obyektlari xavfsizligi va suvdan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi boshlig‘i Rustam Rahimov o‘z so‘zida nazorat tadbirlarining asosiy maqsadi kamchiliklarni qayd etish bilangina cheklanmasdan, xavfli holatlarning oldini olishdan iborat ekanini ta’kidladi. Buning uchun gidrotexnika inshootlaridan foydalanishda belgilangan xavfsizlik talablariga qat’iy rioya qilish, nazorat-o‘lchov qurilmalarini doimiy ishchi holatda saqlash va texnik hujjatlarni to‘g‘ri yuritish zarurligini aytdi.
Seminarda gidrotexnika inshootlari va suv omborlarining xavfsiz, ishonchli hamda barqaror ishlashini ta’minlash bilan bog‘liq masalalar ko‘rib chiqildi. Inshootlarning texnik holatini muntazam baholash, ehtimoliy xavflarni barvaqt aniqlash, o‘z vaqtida texnik xizmat ko‘rsatish va favqulodda vaziyatlarga shaylikni oshirish bo‘yicha fikr almashildi.
Mutaxassislar inshootlarning seysmik barqarorligini nazorat qilish, avariya xavfini kamaytirish hamda favqulodda holatlarning oldini olishga qaratilgan ilmiy-amaliy yondashuvlarga to‘xtaldi. Mavjud obyektlarning ekspluatatsiya holatini chuqur tahlil qilish va ilmiy ishlanmalarni amaliyotga keng joriy etish zarurligi bildirildi.
Suv omborlari va gidrotexnika inshootlarida raqamli monitoring texnologiyalaridan foydalanish masalasiga ham alohida e’tibor qaratildi. Obyektlardan olinadigan ma’lumotlarni markazlashgan holda to‘plash va tahlil qilish, xavfsizlik ko‘rsatkichlarini avtomatik kuzatib borish hamda xavf belgilari paydo bo‘lganda tezkor chora ko‘rish imkoniyatlari xususida so‘z yuritildi.
Ilmiy-tadqiqot muassasalari, nazorat organlari va gidrotexnika inshootlaridan foydalanuvchi tashkilotlar o‘rtasidagi hamkorlikni kuchaytirish, ilmiy tavsiyalarni obyektlardagi sharoitdan kelib chiqib qo‘llash hamda mutaxassislar malakasini muntazam oshirib borish sohadagi ustuvor vazifalar sifatida belgilandi.
Seminar yakunida gidrotexnika inshootlarining texnik holatini yaxshilash, monitoring va diagnostika ishlarini kuchaytirish, xavflarni baholash tizimini takomillashtirish hamda ilmiy asoslangan yechimlarni amaliyotga tatbiq etish bo‘yicha taklif va tavsiyalar ishlab chiqildi.



