1-oktyabr — O‘qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan bayram tabrigi
2026-10-01 06:45:00 / Yangiliklar

Sizlarni 1-oktyabr — O‘qituvchi va murabbiylar kuni bilan chin qalbimdan tabriklayman.
Inson qaysi kasbni tanlamasin, qanday marralarga erishmasin, uning hayot yo‘lida ustoz bergan bilim va tarbiyaning o‘rni bor. Ilk bor harf tanitgan muallimdan tortib, kasb sirlarini o‘rgatgan murabbiygacha — har birining mehnatini minnatdorlik bilan eslaymiz. Bugungi bayramda sizlarga bo‘lgan ana shu samimiy ehtiromimizni izhor etamiz.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning «O‘qituvchisining qadr-qimmati baland bo‘lgan xalqning obro‘-e’tibori yuksak bo‘ladi», degan so‘zlari ustozga hurmat xalqning kelajakka munosabatini ham ifoda etishini anglatadi. Sizlarning mehnatingizni qadrlash, tajribangizdan bahramand bo‘lish va yosh avlod tarbiyasida sizlarga ko‘maklashish barchamizning burchimizdir.
Ustozlik — har bir shogirdning imkoniyatini anglash, unga to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatish, qiynalgan paytida dalda berish demakdir. Sizlar yoshlarga bilim bilan birga o‘z mehnatiga mas’uliyat, boshqalarga hurmat, el-yurtga sadoqat tuyg‘ularini singdirasiz. Bu saboqlarning samarasi shogirdlaringizning ishlarida, odamlarga keltirayotgan nafida namoyon bo‘ladi.
Suv xo‘jaligi tizimida ham ustoz-shogird an’anasi alohida ahamiyatga ega. Kanallar, nasos stansiyalari va gidrotexnika inshootlarida ishlayotgan mutaxassislarimizning bilimi, amaliy mahorati ortida ta’lim bergan o‘qituvchilar, yo‘l-yo‘riq ko‘rsatgan tajribali ustozlarning mehnati turibdi. Darslikdagi bilimni amaliyot bilan bog‘lashni, murakkab vaziyatlarda to‘g‘ri qaror qabul qilishni o‘rgatgan murabbiylarimizni bugun alohida hurmat bilan tilga olamiz.
Sohamizning kelajagi suvni hisobga olish, tejash va boshqarishning zamonaviy usullarini puxta egallagan yoshlarga bog‘liq. Bunday kadrlarni tayyorlayotgan professor-o‘qituvchilarga, ilmiy izlanishlarga rahbarlik qilayotgan olimlarga, ish joyida yosh mutaxassislarga tajribasini o‘rgatayotgan faxriylarimizga samimiy tashakkur bildiraman.
Qadrli ustoz va murabbiylar!
Sizlarga mustahkam sog‘liq, uzoq umr, xonadonlaringizga tinchlik-xotirjamlik tilayman. Shogirdlaringizning kamolini ko‘rish, ularning yutuqlaridan faxrlanish baxti doimo nasib etsin.
El-yurt hurmati va shogirdlar mehri hamisha sizlarga hamroh bo‘lsin!
Zokir Ishpulatov,
Suv xo‘jaligi vazirining birinchi o‘rinbosari —
Suv xo‘jaligi obyektlarini ekspluatatsiya qilish agentligi direktori
