Agentlik direktori Buloqboshida sayyor qabul o‘tkazdi
2026-09-30 18:05:00 / Yangiliklar

Norin–Qoradaryo irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi va sohadagi hududiy tashkilotlar rahbarlari ishtirok etgan qabulda fermerlarning suv ta’minoti bilan bog‘liq muammolari muhokama qilindi.
Tumanda qariyb 10 ming sug‘oriladigan maydon mavjud bo‘lib, ularga 483,5 kilometr sug‘orish tarmog‘i va 5 ta nasos stansiyasi orqali suv yetkazib beriladi. Qabulda fermerlar ekinlarni o‘z vaqtida sug‘orish, kanallarni tozalash va suv hisobini yuritishdagi kamchiliklarga e’tibor qaratildi.
Xususan, Qumariq mahallasidagi «Jamshidbek Turg‘unov» fermer xo‘jaligi rahbari Marufjon Nishonov 13 gektar, Jo‘rapolvon massividagi «Zamirabonu saxovati» fermer xo‘jaligi rahbari Davronbek Ahmadbekov esa 10 gektar bug‘doy maydoniga suv yetkazishda ko‘mak so‘radi. Mas’ullarga nasos stansiyasining ish rejimini o‘rganib, mazkur maydonlarni sug‘orish choralarini belgilash topshirildi.
«Zuhriddin Sulaymonov», «Otabek Normatov yerlari», «Oxundada», «Qoraboyota», «Sarbontepa faxri» fermer xo‘jaliklari rahbarlari «Boy» hamda «Qaqir» xo‘jaliklararo kanalida loyqa to‘planishi suv oqimiga to‘sqinlik qilayotganini bildirib, ularni tozalash bo‘yicha yordam so‘radi. Ushbu tarmoqlarga texnika jalb etib, tozalash ishlarini belgilangan muddatlarda bajarish vazifasi qo‘yildi.
Suv taqsimotida aniq hisob-kitobni yo‘lga qo‘yishga doir takliflar ham bildirildi. «Muxtorjon To‘rashevich» fermer xo‘jaligi rahbari Zafar To‘rashev «Mustaqillik» kanalidan foydalanuvchi xo‘jaliklar o‘rtasidagi taqsimot muammosini hal etish uchun «Daxana-1» suv olish nuqtasida gidropost qurishni taklif qildi.
«Eko agro plyus» fermer xo‘jaligi rahbari Dilmurod Karimov esa dalasiga suv kiradigan joyga o‘z hisobidan o‘lchash qurilmasi o‘rnatgan. Endi ushbu gidropost pasportini tayyorlashda yordamga ehtiyoj bor. Mutasaddilarga inshootni ko‘zdan kechirish va tegishli hujjatlarni rasmiylashtirishga ko‘maklashish topshirildi.
Raish mahallasidagi «Muhiddin Sotvoldiyev» fermer xo‘jaligi rahbari Bahrom Ko‘chkanovning adirlikdagi ekin maydoniga suv «Eshon ariq» orqali boradi. Tuproq o‘zanli ariqda suvning bir qismi yerga singib, dalaga yetib bormaydi. Fermer shu sababli ariqni betonlash masalasini o‘rtaga tashladi.
Qabulda ko‘tarilgan masalalar ijrosi nazoratga olindi. Har bir murojaatni belgilangan muddatda ko‘rib chiqish, natijasi haqida fermerlarga yozma axborot berish hamda hududlardagi suv ta’minotini sayyor qabullar orqali muntazam o‘rganish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
Ekspluatatsiya agentligi
Axborot xizmati






