O‘zbekiston va Misr suv xo‘jaligi sohasida hamkorlikni kengaytirad
2026-09-15 21:55:00 / Yangiliklar

Safar doirasida Misr Suv resurslari va irrigatsiya vaziri Hani Suveylem bilan uchrashuv o‘tkazildi. Tomonlar suv tanqisligi, sug‘orma dehqonchilik, transchegaraviy suv resurslaridan foydalanish hamda iqlim sharoitiga mos suv boshqaruvi masalalari yuzasidan fikr almashdi.
Muloqotda ikki mamlakat o‘rtasidagi suv xo‘jaligi sohasidagi munosabatlarning tarixiy ildizlari va bugungi kundagi amaliy ahamiyatiga alohida e’tibor qaratildi. Xususan, IX asrda Misr hududida faoliyat yuritgan, Farg‘ona zaminidan yetishib chiqqan buyuk olim va muhandis Ahmad al-Farg‘oniy nomi ikki davlat o‘rtasidagi tarixiy ilmiy-ma’rifiy aloqalarning yorqin namunasi sifatida qayd etildi. Ahmad al-Farg‘oniy tomonidan 861-yilda Qohira yaqinidagi Ravda orolida Nil daryosi suv sathini o‘lchashga mo‘ljallangan “Miqyos an-Nil” (Nilomer) mukammal tarzda qayta tiklangan bo‘lib, mazkur inshoot o‘sha davrda Nil suv sathini nazorat qilish va suv miqdorini baholashda muhim ahamiyat kasb etgan.
Misrning cho‘l hududlarini o‘zlashtirish va qishloq xo‘jaligi oborotiga kiritishga qaratilgan “Mostaqbal Misr” (“Misr kelajagi”) loyihasiga alohida qiziqish bildirildi. Shuningdek, zamonaviy aylanma sug‘orish tizimlari, drenaj suvlarini tozalash va qayta foydalanish, gidrogeologiya, energiya samaradorligi hamda qayta tiklanuvchi energiya manbalarini qo‘llash yo‘nalishlarida hamkorlik imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.
Delegatsiya Misr Qishloq xo‘jaligi va melioratsiya vazirligi huzuridagi Qishloq xo‘jaligi tadqiqotlari markazida ham bo‘lib, qishloq xo‘jaligi, chorvachilik va yaylovlarni boshqarish sohasidagi ishlar bilan tanishdi.
Dasturga muvofiq, “Mostaqbal Misr” (Misr kelajagi) loyihasi, Cho‘l tadqiqotlari markazi, Milliy suv tadqiqotlari markazi, Natron vodiysi (Wadi El Natrun) hududidagi suv xo‘jaligi infratuzilmasi hamda Saxa qishloq xo‘jaligi ilmiy-tadqiqot stansiyasi faoliyati bilan tanishish rejalashtirilgan. Shu bilan birga, raqamli moliyalashtirish, davlat-xususiy sheriklik, urug‘chilik va iqlim o‘zgarishiga chidamli ekinlarni yetishtirish masalalari ham e’tibor markazida bo‘ladi.
Safar yakunlari bo‘yicha suv va qishloq xo‘jaligi sohalarida hamkorlikni yanada kengaytirish, ilmiy-tadqiqot muassasalari o‘rtasida aloqalarni mustahkamlash va qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirishga qaratilgan takliflar ishlab chiqilishi ko‘zda tutilgan.


