Izboskanda 650 ta xonadon tomorqasining suv ta’minoti yaxshilanmoqda
2026-09-06 08:55:00 / Yangiliklar

Mazkur ishlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 5-fevraldagi “2026-yilda hududlarni yangicha yondashuvlar asosida rivojlantirish orqali aholi daromadini oshirish, barqaror ish o‘rinlarini yaratish hamda kambag‘allikni qisqartirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida amalga oshirilmoqda.
Loyiha Toshloq MFYdagi 650 ta xonadonga qarashli 22 gektar tomorqa yer maydonini qamrab oladi. Uning doirasida:
🔹 “Yangi yo‘l” kanalining 855 metr qismiga lotok tarmog‘i o‘rnatiladi;
🔹 “Yangi yo‘l–1” kanalining 440 metr qismi betonlanadi;
🔹 “Yangi yo‘l–2” kanalining 208 metr qismida lotok tarmog‘i barpo etiladi;
🔹 tomorqa yerlarini sug‘orish uchun quduq quriladi.
Shu tariqa, jami 1,5 kilometrdan ortiq irrigatsiya tarmog‘i yangilanadi. Loyihaning umumiy qiymati 734,1 million so‘mni tashkil etadi.
Ishlar yakunlangach, suvning aholi tomorqalariga barqaror yetib borishi ta’minlanib, ekinlarni o‘z vaqtida va sifatli sug‘orish imkoniyati kengayadi. Bu tomorqalardan samarali foydalanish, mahsulot yetishtirish hajmini oshirish va oilalar uchun qo‘shimcha daromad manbalarini yaratishga xizmat qiladi.






