Jahon banki: Farg‘ona vodiysida irrigatsiya tizimining yangilanishi 65 ming fermerga manfaat keltirdi
2026-09-04 09:50:00 / Yangiliklar

Maqolada Farg‘ona vodiysi O‘zbekistonning muhim qishloq xo‘jaligi hududlaridan biri ekani, bu yerda istiqomat qiladigan 10 millionga yaqin aholining katta qismi dehqonchilik va oila daromadini ta’minlashda sug‘orish suviga bog‘liqligi qayd etilgan.
Vodiydagi eskirgan irrigatsiya infratuzilmasi va iqlim o‘zgarishi ta’sirida ilgari yiliga bir milliard kub metrdan ziyod suv yo‘qotilgan. Suv tarmoqning eng chekka hududlariga yetib borguncha talabga nisbatan taqchillik ayrim holatlarda 30 foizgacha yetgan. Bu, ayniqsa, ekinlar suvga eng ko‘p ehtiyoj sezadigan aprel–iyun oylarida yaqqol namoyon bo‘lgan.
Loyiha doirasida 365 kilometrga yaqin irrigatsiya kanallari rekonstruksiya va modernizatsiya qilindi, qariyb 1 500 ta suvni boshqarish inshooti ta’mirlandi. Daryo qirg‘oqlari mustahkamlanib, kanallarda suv sizib chiqishining oldini olish ishlari bajarildi. Shuningdek, 500 ga yaqin yangi sug‘orish qudug‘i barpo etildi.
Amalga oshirilgan ishlar natijasida yiliga qariyb 130 million kub metr suvni tejash imkoni yaratildi. 100 ming gektardan ortiq maydonda irrigatsiya va melioratsiya xizmatlari yaxshilanib, Farg‘ona vodiysidagi qariyb 65 ming nafar fermer va dehqon mazkur o‘zgarishlardan manfaat ko‘rmoqda.
Loyiha doirasida modernizatsiya qilingan 13 ta obyektdan biri — 2025-yilda ishga tushirilgan avtomatlashtirilgan va energiya tejamkor “Avval–Log‘on” nasos stansiyasidir. Stansiya yiliga 60 million kub metrdan ziyod suv yetkazib bermoqda.
Uning faoliyati tufayli 14 ta qishloqdagi qariyb 5 ming gektar maydonning suv ta’minoti yaxshilandi. Bundan bir qishloq xo‘jaligi kooperativi, 40 ga yaqin fermer xo‘jaligi va 3 mingdan ziyod yer egasi foydalanmoqda.
Jahon banki maqolasida suv ta’minoti yaxshilanishining aholi turmushiga ta’siri Usmonobod qishlog‘i misolida ham ko‘rsatilgan. Ilgari suv yetib bormagani uchun yillar davomida foydalanilmay kelgan yerlarda bugun bog‘dorchilik va boshqa qishloq xo‘jaligi tarmoqlari rivojlanmoqda.
Qishloqda yashovchi Gulasal Yo‘ldosheva oilasi ilgari malinadan yiliga arang bir marta hosil olgan bo‘lsa, barqaror suv ta’minoti yo‘lga qo‘yilgach, hosilni ikki marta yig‘ib olishni boshlagan. Mahsulot sifati ham yaxshilanib, xonadon uchun qo‘shimcha daromad manbai yaratilgan.
Suv ta’minoti pillachilikni rivojlantirishga ham xizmat qilmoqda. Tut daraxtlarining muntazam sug‘orilishi barg sifatini, ipak qurtining rivojlanishi va pilla hosildorligini oshirish imkonini beryapti. Usmonobodda kam ta’minlangan oilalar vakillari bo‘lgan o‘n nafar xotin-qiz pilla yetishtirish orqali mavsumiy ish bilan ta’minlangan.
Yevropa Ittifoqi ko‘magida 12 ta sug‘orish qudug‘i umumiy quvvati qariyb 500 kilovatt bo‘lgan quyosh panellari bilan jihozlandi. Ushbu tizimlar yiliga 4 million kub metrdan ortiq suv chiqarish, elektr energiyasi xarajatlarini kamaytirish va atmosferaga chiqariladigan karbonat angidrid miqdorini yiliga qariyb 800 tonnaga qisqartirish imkonini bermoqda.
Shuningdek, loyiha doirasida 12 mingga yaqin aholi vakillari suvdan samarali foydalanish hamda zamonaviy agrotexnologiyalar bo‘yicha o‘qitildi.
“Farg‘ona vodiysida suv resurslarini boshqarish” loyihasining ikkinchi bosqichi Xalqaro taraqqiyot uyushmasining 131,4 million dollarlik krediti, O‘zbekiston hukumatining 18 million dollarlik mablag‘i hamda Yevropa Ittifoqining 12,9 million yevrolik granti hisobiga moliyalashtirilgan.
Jahon banki ta’kidlaganidek, irrigatsiya infratuzilmasiga kiritilayotgan investitsiyalar nafaqat suv yo‘qotilishini kamaytirmoqda, balki yerlarni qayta foydalanishga kiritish, hosildorlikni oshirish va qishloq aholisi uchun yangi daromad manbalarini yaratishga xizmat qilmoqda.






