Yoshlarga imkoniyat berish — kelajakka sarmoya
2026-09-03 17:45:00 / Yangiliklar

Unda vazirlik markaziy apparati, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi, irrigatsiya tizimlari havza boshqarmalari hamda tizim tashkilotlarida faoliyat yuritayotgan yoshlar va rahbarlar ishtirok etdi.
Muloqotda yosh kadrlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning bilim va malakasini oshirish, zamonaviy texnologiyalarni egallashi, tashabbuslarini rag‘batlantirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Ta’kidlanganidek, bugungi kunda Suv xo‘jaligi vazirligi tizimida 6 ming nafardan ziyod yoshlar mehnat qilmoqda. Joriy yil boshidan tizim tashkilotlariga 1 000 nafar oliy ta’lim muassasasi bitiruvchisi ishga qabul qilindi. Yosh xodimlarning 3 792 nafari oliy ma’lumotli bo‘lib, 314 nafari rahbarlik lavozimlarida faoliyat yuritmoqda.
Iqtidorli xodimlarni vazirlikda stajirovkadan o‘tkazish va ularni rahbarlik lavozimlariga tayyorlash amaliyoti davom ettiriladi. Shuningdek, Prezident topshirig‘i asosida 100 nafar suv xo‘jaligi innovatorini Avstraliya, Ispaniya, Turkiya, Xitoy va Koreya Respublikasiga tajriba almashish uchun yuborish rejalashtirilgan.
Vazir yosh mutaxassislar suv tejamkorligi, energiya sarfini kamaytirish, raqamlashtirish va innovatsion texnologiyalarni joriy etishda faol bo‘lishi zarurligini ta’kidladi.
Yordamchi xo‘jaliklar tashkil etish, o‘z biznesini boshlash, mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanib, belgilangan tartibda chorvachilik, parrandachilik, quyonchilik yoki baliqchilik yo‘nalishida faoliyat yuritish istagida bo‘lgan yoshlar qo‘llab-quvvatlanishi aytib o‘tildi.
Ularning tadbirkorlik tashabbuslarini amalga oshirishi, zarur mablag‘ va kredit resurslarini jalb qilishiga amaliy ko‘mak beriladi, albatta.
Suv xo‘jaligida kelgusi sug‘orish mavsumining taqdiri aynan kuz-qish oylarida hal bo‘ladi. Shu sababli vazir yoshlarni kuzgi-qishki tadbirlarda faol ishtirok etishga chaqirdi.
- Men sizlardan har bir obyektga yangicha nigoh bilan qarashni, kamchilikka befarq bo‘lmaslikni, “bu mening ishim emas” degan qarashdan butunlay voz kechishni so‘rayman. Chunki suv xo‘jaligida har bir kilometr kanal, har bir gidrotexnik inshoot, har bir nasos va har bir kub metr suv uchun mas’uliyat bor, - dedi vazir.
Rahbarlarga sohada yoshlar ulushini hozirgi 19 foizdan yil yakuniga qadar 30 foizga yetkazish, har payshanba “Yoshlar kuni” doirasida ochiq muloqotlar o‘tkazish, intellektual va sport musobaqalarini tizimli tashkil etish, iqtidorli yoshlarni rahbarlikka tayyorlash vazifalari belgilandi.
Ochiq va samimiy o‘tgan muloqotda vazirlik yoshlar yetakchisi Nurmuhammad Xolmurodov, Inson resurslarini rivojlantirish va boshqarish bo‘limi boshlig‘i Dilafro‘z Alikulova so‘zga chiqdi.
Toshkent viloyati Bekobod tumani “Suv yetkazib berish xizmati” davlat muassasi Suv resurslaridan foydalanish shu’basi mutaxasisi, “Eng yaxshi suvchi kitobxon” tanlovining viloyat bosqichi g‘olibi Sitora Abdusamatova, Andijon viloyati Oltinko‘l tumani “Suv yetkazib berish xizmati” davlat muassasi Suv resurslaridan foydalanish shu’basi mudiri, “Mustaqillik kubogi - 2026” musobaqalarida shaxmat bo‘yicha respublika bosqichi g‘olibi Hamroz Boymurotov va boshqalar fikrlarini bildirdi.
Vazir yoshlarni doimiy izlanish, kitob o‘qish, bilim olish va tashabbuskor bo‘lishga chaqirib, ularning yutug‘i suv xo‘jaligi sohasi taraqqiyoti va xalq farovonligiga xizmat qilishini ta’kidladi.
Axborot xizmati







